Inklyuziv ta’lim: teng imkoniyatlar sari
Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti va «Science and Innovation» xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida «Ta’lim jarayoni ishtirokchilarida inklyuziv madaniyatni rivojlantirish: pedagogik shart-sharoitlar va innovatsion texnologiyalar» mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda ta’lim jarayoni ishtirokchilarida inklyuziv madaniyatni shakllantirish, inklyuziv ta’lim muhitini rivojlantirish hamda teng imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan innovatsion yondashuvlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar inklyuziv ta’limning bugungi holati va istiqbollari, sohadagi dolzarb muammolar, shuningdek ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish yuzasidan ma’ruzalar bilan chiqishdi.
Jumladan, «Inklyuziv ta’lim muhitini shakllantirish va uyda yakka tartibda ta’lim berish: O‘zbekiston tajribasi, pedagogik shart-sharoitlar va innovatsion strategiyalar», «Ta’lim jarayoni sub’ektlarida inklyuziv madaniyatni rivojlantirishning ijtimoiy-pedagogik yo‘nalishlari va mexanizmlari», «Inklyuziv ta’lim: ishtirokni ta’minlash va qo‘llab-quvvatlash darajalari», «Inklyuziv ta’lim muhitini shakllantirishda oila, mahalla va maktab hamkorligi» mavzularida fikr almashildi.
Ma’ruzachilar ta’kidlashicha, bugungi kunda ta’limning asosiy vazifasi nafaqat bilim berish, balki o‘quvchilarni shaxs sifatida rivojlantirish, ularning huquq va imkoniyatlarini hurmat qilish hamda jamiyatda faol ishtirok etishiga sharoit yaratishni ham o‘z ichiga oladi. Shu bois inklyuziv ta’lim har bir bolaning jismoniy, intellektual, ijtimoiy-madaniy xususiyatlaridan qat’i nazar, ta’lim olish huquqini ta’minlashga qaratilgan muhim yondashuv sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Mutaxassislar inklyuziyani faqat alohida ta’lim ehtiyojiga ega bolalarni umumiy muhitga jalb etish bilan izohlab bo‘lmasligini ta’kidladi. Ularning fikricha, haqiqiy inklyuziya har bir insonni qabul qilish, uning qadr-qimmatini tan olish, individual farqlarni hurmat qilish va o‘zaro hamkorlikka asoslangan ta’lim muhitini shakllantirishni taqozo etadi.
Anjumanda inklyuziv madaniyat ta’lim muassasasida har bir shaxsni qadrlash, uning o‘ziga xosligini hurmat qilish, teng imkoniyatlarni ta’minlash va hech kimni ta’lim jarayonidan chetda qoldirmaslikka qaratilgan qadriyatlar, qarashlar va xulq-atvorlar tizimi sifatida talqin qilindi. Qabul qilish, tenglik va hamkorlik uning asosiy tamoyillari sifatida alohida qayd etildi. Shuningdek, o‘quvchilar o‘rtasidagi individual farqlarni muammo emas, balki ta’lim jarayonini boyituvchi omil sifatida qabul qilish, har bir o‘quvchining ehtiyojidan kelib chiqib pedagogik yordam ko‘rsatish muhimligi ta’kidlandi.
[gallery-31360]
Pedagogning o‘rniga ham alohida e’tibor qaratildi: o‘qituvchi inklyuziv muhitning asosiy tashkilotchisi sifatida o‘quvchilarning individual xususiyatlarini hisobga olishi, zamonaviy pedagogik metodlardan foydalanishi va har bir o‘quvchining darsda faol ishtirokini ta’minlashi zarur. Shuningdek, o‘quvchilarda tengdoshlarini hurmat qilish, tinglash, o‘zaro yordam va hamkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, ota-onalar bilan muntazam ishlash inklyuziv ta’lim muhitini rivojlantirishning muhim shartlari ekani qayd etildi.
Respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘z ishini to‘rtta sho‘’bada davom ettirdi. Tadbir yakunida inklyuziv ta’lim muhitini takomillashtirish, ta’lim jarayoni ishtirokchilarida inklyuziv madaniyatni rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish va ilg‘or tajribalarni ommalashtirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Anjuman soha mutaxassislari, pedagoglar va tadqiqotchilar o‘rtasida tajriba almashish, ilmiy-amaliy hamkorlikni mustahkamlash hamda inklyuziv ta’limni rivojlantirishning samarali mexanizmlarini muhokama qilish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Kamola Yusupova,
O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA