Inklyuziv ta’lim: tajriba va yangicha yondashuvlar
Olmaliq shahar 11-sonli ko‘p tarmoqli maktab-internatida “Inklyuziya va maxsus ta’lim milliy forumi”ning viloyat bosqichi doirasida muloqot va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Unda Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi vakillari, ta’lim sohasi mutaxassislari, pedagoglar hamda forum ishtirokchilari qatnashdi.

Forumda inklyuziv va maxsus ta’limni yanada rivojlantirish, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun teng imkoniyatlar yaratish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar dastlab maktab-internatda o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ta’lim-tarbiya jarayoni, zamonaviy jihozlar va mavjud imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi. Shundan so‘ng forum qatnashchilari guruhlarga bo‘linib, turli amaliy mashg‘ulotlar va dars jarayonlarida ishtirok etdi. Ularda inklyuziv va maxsus ta’limda samarali pedagogik yondashuvlardan foydalanish, o‘quvchilarning individual imkoniyatlarini inobatga olish, zamonaviy ta’lim metodlarini amaliyotga joriy etish hamda innovatsion usullardan foydalanish masalalari muhokama qilindi.

– Guruhlar kesimida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda inklyuziv va maxsus ta’limda samarali pedagogik yondashuvlardan foydalanish, o‘quvchilarning individual imkoniyatlarini hisobga olish, zamonaviy ta’lim metodlarini amaliyotga joriy etish hamda ta’lim jarayonida innovatsion usullardan foydalanish masalalari muhokama qilindi, – deydi Olmaliq shahar 11-sonli ko‘p tarmoqli maktab-internati o‘qituvchisi Sitora Ergasheva. – Forum doirasida ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashib, ilg‘or pedagogik yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish, zamonaviy ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish va kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdi.
Ta’kidlanganidek, bunday muloqot va amaliy mashg‘ulotlar ta’lim sohasi mutaxassislarining kasbiy salohiyatini oshirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda inklyuziv va maxsus ta’lim tizimini yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Forum davomida bildirilgan taklif va tashabbuslar alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ularning jamiyatdagi faol ishtirokini ta’minlash va ta’limda teng imkoniyatlar tamoyilini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
A.Musayev, O‘zA