Inklyuziv ta’lim sifati takomillashtirilmoqda
bugungi kunda mamlakatimiz kelajagi bo‘lmish o‘sib kelayotgan yosh avlodning ta’lim-tarbiyasi uchun barcha shart-sharoitlar va imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining ustuvor vazifalardan biridir. Ayniqsa, alohida e’tiborga muhtoj bo‘lgan bolalarning ta’limi va ijtimoiy himoyasi muhim ahamiyatga ega.
Shuning uchun ham bu toifadagi o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi, kasb-hunar o‘rganishi, malakali pedagoglar tomonidan tahsil olishi uchun jiddiy islohotlar olib borilishi lozim. Chunki rivojlanishida muammolari bor bolalarning umumiy yoki ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida ta’lim va tarbiya olishi, ijtimoiylashuvi va jamiyat hayotiga integratsiyalashuvi doimiy davlat e’tiboridagi masalalardir.
Hukumatimizning qator qonun hujjatlarida jamiyatimizning bir bo‘lagi bo‘lgan alohida yordamga muhtoj bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga ta’lim-tarbiya berish, sog‘lom bolalar qatoridan o‘rin olib, o‘z qobiliyati, imkoniyatlarini ko‘rsata olishga, ma’naviy kamol topishiga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab berilgan.
Jumladan, bugungi kun talablari asosida inklyuziv ta’limni joriy etishning huquqiy asoslarini yaratish maqsadida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuniga inklyuziv ta’lim tushunchasi kiritildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekistonda inklyuziv ta’limni rivojlantirish, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berish tizimini takomillashtirish hamda ularga ko‘rsatiladigan ta’lim xizmatlari sifatini yaxshilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan 2020-2025 yillarda xalq ta’limi tizimida inklyuziv ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi hamda 2020-2025 yillarda xalq ta’limi tizimida inklyuziv ta’limni rivojlantirish konsepsiyasini 2020-2021 yillarda amalga oshirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi" tasdiqlandi.
2021/2022 o‘quv yilida tajriba-sinov tariqasida shaharlarda hamda Toshkent shahrining tumanlarida joylashgan bittadan umumta’lim maktablarida, jami 42 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida inklyuziv ta’lim tizimi joriy qilindi. Ushbu maktablarning inklyuziv sinflariga 76 nafar o‘quvchi qabul qilindi.
O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazida Inklyuziv ta’lim laboratoriyasi tashkil etildi. Inklyuziv ta’lim laboratoriyasi tomonidan rahbar xodimlar, psixologlar va o‘qituvchilar uchun “Inklyuziv ta’limning sifat va samaradorligini aniqlash mezonlari”, “Alohida ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga inklyuziv sharoitda ta’lim-tarbiya berishda innovatsion texnologiyalarni qo‘llash” nomli metodik qo‘llanmalar hamda inklyuziv sinflar uchun 17 nomda, korreksion 1-sinflar uchun 28 nomda adaptiv dasturlar, inklyuziv sinflarda korreksiya ishlarini olib borish bo‘yicha “Eshitamiz, ko‘ramiz, chiroyli gapiramiz” nomli o‘quv qo‘llanmasi ishlab chiqildi.
Hukumatimiz tomonidan rivojlanishida turli nuqsonlari bo‘lgan hamda davolanish va sog‘lomlashtirishga muhtoj bo‘lgan bolalarning ijtimoiy kafolatlarini ta’minlovchi sa’y-harakatlar, korreksion va reabilitatsion ishlar natijasida imkoniyati cheklangan bolalarning inklyuziv ta’lim shaklida umumiy o‘rta ta’lim maktablariga qaytarilishi oshishiga ko‘maklashadi, albatta. Bu o‘quvchilarning kelajakda mustaqil va yetuk shaxs bo‘lib kamol topishiga xizmat qiladi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA