Inklyuziv ta’lim: amaliyot va samara
Termizda inklyuziv ta’lim va uning samaradorligini oshirish masalasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Termizda inklyuziv ta’lim va uning samaradorligini oshirish masalasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan “Mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarining oila institutini mustahkamlash masalalarini yoritish bo‘yicha salohiyatini oshirish” loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda ommaviy axborot vositalari xodimlari, viloyat mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash boshqarmalari mutaxassislari ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida alohida ehtiyojli bolalarni o‘qitish, ularning salomatligini mustahkamlash, soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash masalasiga doimiy e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi tomonidan hayotga tatbiq etilayotgan “O‘zbekistonda alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta’lim” loyihasi yosh avlodni manzilli ijtimoiy himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur loyiha alohida ehtiyojli bolalarga teng va inklyuziv yondashuvni ta’minlash bo‘yicha uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqish, pedagog va boshqa mutaxassislar uchun inklyuziv ta’lim usullarini takomillashtirishga ko‘maklashmoqda.
Tadbir doirasida Termiz shahridagi inklyuziv ta’lim bo‘yicha resurs markaz sifatida tanlangan 3-umumta’lim maktabida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilindi. Maktabda alohida ehtiyojli bolalarning tengdoshlari bilan birga o‘qishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Zamonaviy texnik vositalar, elektron darslik va o‘quv qo‘llanmalari bilan jihozlangan ta’lim muassasasida ikki ming uch yuzdan ortiq o‘g‘il-qiz ta’lim-tarbiya olmoqda. Ularning 30 nafari alohida ehtiyojli bolalardir.
Resurs markazi pedagoglari Termiz shahrida inklyuziv ta’lim bo‘yicha tayanch muassasa sifatida tanlab olingan uchta maktabgacha ta’lim muassasasi va ikkita umumta’lim maktabi mutaxassislariga ham alohida ehtiyojli o‘g‘il-qizlarga teng va inklyuziv yondashuvni ta’minlashda yaqindan yordam bermoqda.
– Tadbirda inklyuziv ta’limning huquqiy asoslari, alohida ehtiyojli bolalarga nisbatan ijtimoiy, ta’lim sohalarida teng yondashuvning ahamiyati, ularning salomatligini mustahkamlash xususida yetarli ma’lumot berilgani ayni muddao bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Surxondaryo viloyati bo‘limi raisi Norquvvat To‘rayev. – Bu borada olib borilayotgan ishlar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishda ommaviy-axborot vositalarining alohida o‘rni bor. Yosh avlod kamoloti yo‘lidagi bu kabi ishlar ta’lim muassasalarida alohida ehtiyojli bolalarni o‘qitish uchun yaratilayotgan sharoitlar ko‘lamini kengaytirishga xizmat qiladi.