Infeksiyaga tekshiruv mahallaning o‘zida bajariladi
Samarqand viloyati OITSga qarshi kurash markazi tomonidan “Mobil laboratoriya” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Markaz taklifi asosida xalq deputatlari viloyat Kengashi tomonidan zarur mablag‘ ajratilib, kerakli tibbiy jihoz va laboratoriya uskunalari bilan ta’minlangan maxsus avtobus xarid qilinib, olis hududlarda yashovchi aholi qatlamlari va xavf guruhiga kiruvchi shaxslarni tezkor diagnostika qilish imkoniyati yaratildi.

– Mobil laboratoriya orqali joylarga chiqqan holda xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlari va uyushmagan yoshlar OIV, B va C gepatit hamda zaxm (sifilis) kabi infeksiyalarga tekshiriladi, – deydi Samarqand viloyati OITSga qarshi kurash markazi bosh shifokori Ulug‘bek Nazarov. – Bu olis hududlarda yashovchi aholining shunday ko‘riklar uchun ancha vaqt va mablag‘ sarflab markazga kelishiga hojat qoldirmaydi.
Shuningdek, aholi o‘rtasida turli xil yuqumli infeksiyalardan himoyalanish usullari, sog‘lom turmush tarzi va davolanish imkoniyatlari haqida profilaktika tadbirlari o‘tkaziladi. Testlar anonim, tezkor va yuqori darajada malakali mutaxassislar tomonidan olinadi. Mobil laboratoriyadan har qanday iqlim sharoitida foydalanish mumkin va tekshiruvlarning yuqori aniqligi ta’minlanadi, sanitariya-gigiyena va epidemiologik talablarga rioya etiladi.

Mobil laboratoriya markaziy poliklinikalardan uzoqda joylashgan mahalla va qishloqlarning ro‘yxati asosida navbati bilan hududlarda bo‘ladi.
G‘.Hasanov, O‘zA