Indoneziyalik sayyohlar tarixiy manzillarda
Buxoroda O‘zbekistonning Indoneziyadagi elchixonasi tashabbusi va Buxoro viloyati hokimligi, viloyat turizm boshqarmasi hamkorligida O‘zbekiston-Indoneziya forumi tashkil etildi.
Tadbirda Indoneziyaning yirik turistik kompaniya rahbarlari, jurnalist va blogerlar, shuningdek, viloyatdagi turizm sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlari, soha vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni Buxoro viloyat hokimi o‘rinbosari Botirjon Shahriyorov ochib, mehmonlarni qadimiy va navqiron Buxoro shahriga tashrif bilan qutladi. U Buxoro viloyatida turizm yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar, islom me’morchiligi, buyuk allomalar, muqaddas qadamjolar, Buxoro viloyatining o‘ziga xos madaniyati, urf-odat va an’analari haqida so‘zladi.
[gallery-21957]
Tadbirda Buxoro viloyatining turizm salohiyati hamda sayyohlik jozibadorligini aks ettiruvchi taqdimot o‘tkazildi. O‘z o‘rnida indoneziyalik mehmonlar nafaqat turizm balki madaniyat, kinematografiya va media sohalarda hamkorlik qilishga katta qiziqish bildirdi.
Shuningdek, forum doirasida “B2B” formatida yigirmadan ortiq uchrashuvlar tashkil etildi. Buxoro va Indoneziya o‘rtasida sayyohlar oqimining almashinuvi bo‘yicha qator hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Mehmonlar o‘z sayohatlarini Bahouddin Naqshband majmuasini ziyorat qilishdan boshladi. Ularga Naqshbandning hayoti, islom dini rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, shuningdek, ziyorat ob’ektlarida yaratilgan shart-sharoitlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, info-tur davomida delegatsiya vakillarining Ark qo‘rg‘oni, Poyi Kalon majmuasi, hunarmandchilik markazlari, Toqi Zargaron, Toqi Sarrafon, Toqi Telpakfurushon, Chor Minor madrasasi kabi diqqatga sazovor ob’ektlar bo‘ylab mazmunli sayohatlari amalga oshirildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari