Imzo to‘plash: yurtdoshlarimiz siyosiy jarayonga befarq emas
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi muddatidan ilgari o‘tkaziladigan Prezident saylovida ishtirok etish uchun saylovchilar imzolarini to‘plashga kirishdi. Ushbu siyosiy jarayonda partiyaning Andijon viloyati Kengashi ham faol ishtirok etmoqda.
Partiyaning viloyatdagi 886 ta boshlang‘ich tashkiloti yetakchilari, faollari tomonidan fuqarolarning ish, xizmat, o‘qish, yashash joylarida targ‘ibot-tashviqot va imzo to‘plash ishlari amaldagi qonunlar doirasida olib borilmoqda. Mazkur jarayonda Xalq deputatlari tuman, shahar va viloyat kengashlarining 186 nafar deputati ham faol qatnashmoqda.
Imzo to‘plash ishlariga tashkiliy, huquqiy va boshqa jihatdan yaqindan ko‘maklashish, jarayon doirasidagi ishlarni muvofiqlashtirib borish uchun partiya viloyat kengashi qoshida ishchi guruh tuzilgan. Ishchi guruh faoliyati mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali olib borilishiga xizmat qilmoqda. Bundan tashqari, partiyaga xayrixoh fuqarolar ham ko‘ngilli ravishda imzo to‘plash jarayonining yuqori saviyada o‘tkazilishiga yaqindan yordam bermoqda.
[gallery-11952]
– Imzo to‘plash tadbirlarida nafaqat partiyamiz faollari, balki yurtdoshlarimiz ham yakdillik bilan qatnashayotganligidan ularning mamlakatimiz istiqboliga daxldor muhim siyosiy jarayonga befarq emasliklarini ko‘rish mumkin, – deydi O‘zLiDeP viloyat kengashi raisi Xurshidaxon Xalilova. – Bu yurtdoshlarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligi yuksalib, jamiyat va davlat hayotida siyosiy partiyalarning nufuzi ortib borayotganligini ko‘rsatadi.
Imzo to‘plash jarayonida aholining barcha qatlami vakillari ixtiyoriy ravishda nomzodni qo‘llab-quvvatlab, imzo berishga zimmalaridagi fuqarolik burchi sifatida qarayotganliklarini alohida ta’kidlash lozim. Viloyatda imzo yig‘ish bilan bog‘liq barcha tadbirlar qonunchilikda belgilangan me’yor va tartiblarga qat’iy rioya etilgan holda o‘tkazilmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA