Imtiyozli kreditlar – taraqqiyot omili
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosida bank tizimining ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosida bank tizimining ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining tijorat banklarining investitsiya portfellarini monitoring qilish departamenti direktori A.Qosimov, O‘zbekiston Banklari uyushmasi raisi S.Abdullayev, “Tadbirkor ayol” uyushmasi raisi G.Mahmudova va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida bank-moliya tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida xususiy tadbirkorlik subyektlarining biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi va davlatimiz rahbarining 2014-yil 7-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni tadbirkorlar uchun qulay biznes muhiti yaratish, boshlang‘ich sarmoyani shakllantirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish hamda texnologik yangilash uchun kreditlar berishni ko‘paytirishda muhim dasturulamal bo‘lmoqda.
– Joriy yilning o‘tgan oylarida tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 6,3 trillion so‘m mablag‘ ajratildi, – deydi Respublika Markaziy banki mas’ul xodimi Otabek Azimov. – Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobar ko‘p demakdir. Mazkur mablag‘ning 1,3 trillion so‘mini mikrokreditlar tashkil etib, bu borada ham 2013-yilga nisbatan qariyb 1,3 barobar o‘sishga erishildi. Bunda kichik biznes vakillarining milliy valyutadagi hisobraqamlari tijorat banklari tomonidan to‘lov undirilmasdan ochilayotgani, ularning arizalari uch bank kuni davomida ko‘rib chiqilayotgani o‘z samarasini bermoqda.
Banklar tomonidan tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash uchun 660 milliard so‘m, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirishga oid loyihalarga 879 milliard so‘m yo‘naltirildi. Prezidentimiz Islom Karimovning 2010-yil 28-iyuldagi “Ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga binoan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining biznes-rejalarini imtiyozli shartlar asosida moliyalashtirishga 124,4 milliard so‘mdan ziyod kredit mablag‘lari ajratildi.
Tadbir doirasida poytaxtimizdagi bank sarmoyalaridan unumli foydalangan holda bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan “Yangi lazer chiroy” mas’uliyati cheklangan jamiyatining “Heiberg Clinic” tibbiyot maskanida ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.
Mazkur shifo maskani 2007-2009-yillarda moliya muassasalarining lizing xizmatlari evaziga zamonaviy uskunalar, 2012-yilda Germaniyada ishlab chiqarilgan lazerli uskunalarni imtiyozli kredit evaziga xarid qildi.
– Yangi texnologiyalar ko‘magida bemorlarga tashxis qo‘yish va sifatli davolash imkoniyati yanada kengaydi, – deydi klinika direktori Natalya Ligay. – Shifokorlarimiz zamonaviy tibbiy uskunalar imkoniyatlaridan unumli foydalanib, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash yo‘lida mehnat qilmoqda. 2010-yildan uch yoshgacha bo‘lgan bolalarda nor, ya’ni qizil dog‘ni davolash bepul amalga oshirilayotir. O‘tgan davrda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan kelgan 220 dan ziyod bolaga ko‘mak berildi.
Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi.