Imtiyoz va imkoniyatlar samarasi
“Daewoo Textile Fergana” xorijiy korxonasida paxta tolasining salkam 45 foizi qayta ishlanib, ip-kalava hamda gazlama tayyorlanmoqda.
Prezidentimizning mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida 2014-yilda iqtisodiyotimizga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10,9 foizga o‘sgani ta’kidlandi.Mamlakatimizda qulay investitsiya muhitini shakllantirish, xorijiy investorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishning mustahkam asoslarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Chet el investitsiyalari to‘g‘risida”gi hamda “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to‘g‘risida”gi qonunlari bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur hujjatlarda xorij sarmoyalarini jalb qilish shakllari, investorlarning huquq va majburiyatlari hamda himoyasi kafolatlari belgilangan.
Farg‘ona viloyatida iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarida xorijiy investitsiyalar ishtirokida yuzdan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda. Yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlar samarasida viloyatga jalb etilayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi tobora oshayotir. 2014-yilda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi 24 korxona ishga tushganligi ham mazkur sohaga bo‘lgan e’tiborning amaliy samarasidir. Avtomobilsozlik, yengil sanoat, qurilish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar mahsulot sifati va xalqaro talablarga mosligi bilan jahon bozorida o‘z o‘rniga ega.
“Daewoo Textile Fergana” xorijiy korxonasida paxta tolasining salkam 45 foizi qayta ishlanib, ip-kalava hamda gazlama tayyorlanmoqda.
– O‘zbekistonda xorijiy investorlarga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar bizni yangi loyihalar sari undamoqda, – deydi korxona direktori Choy Jong Jin. – Zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarishga jalb etish doimiy e’tiborimizda. Kelgusida bu yerda yangi loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqdamiz.
Korxona mahsulotlari Gollandiya, Belgiya, Portugaliya, Ispaniya, Italiya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Eron singari mamlakatlarga eksport qilinmoqda. O‘tgan yili korxonada birinchi investitsiyaviy loyiha doirasida 2 million dollar qiymatidagi zamonaviy dastgohlar, to‘qimachilik uskunalari o‘rnatildi. Joriy yilda amalga oshiriladigan loyihaning ikkinchi bosqichida 8,5 million dollar miqdoridagi investitsiya o‘zlashtiriladi. Ushbu mablag‘, asosan, ip yigirish, taroqlash singari ishlab chiqarishning murakkab jarayonlarini yangilashga yo‘naltiriladi.