Import o‘rniga mahalliy “super elita” tovuqlari
Shu kunlarda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi Andijon viloyati delegatsiyasi xizmat safari bilan Xitoy davlatida bo‘lib turibdi.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, hududlararo iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash hamda o‘zaro manfaatli investitsiya loyihalarini amalga oshirish maqsadida 200 nafardan ortiq xitoylik ishbilarmonlar va yirik kompaniyalar vakillari ishtirokida Xaynan provinsiyasida tashkil etilgan biznes-forum doirasidagi uchrashuvlar samarali muloqot va kelishuvlarga boy bo‘ldi. Biznes-forum doirasida umumiy qiymati 1 milliard dollarga teng bo‘lgan 18 ta muhim kelishuv imzolandi.

Ana shu kelishuvlar doirasida Xitoyning “Beijing Huadi Yukou Poultry Co. LTD” kompaniyasi bilan 50 million dollarlik investitsiya shartnomasi imzolandi. Ushbu shartnomaga asosan, Xitoy kompaniyasi tomonidan Andijonda onalik tovuqlarini yetishtirishga ixtisoslashgan zamonaviy kompleks tashkil etilishi belgilangan.
E’tiborlisi, bugungi kunga qadar oddiy onalik tovuqlar yurtimizga Vengriya va boshqa Yevropa davlatlaridan import qilinar edi. Yangi kompleks barpo etilib, ishga tushishi bilan yiliga 2 million 500 ming bosh yuqori naslli “super elita” toifasidagi onalik tovuqlari mahalliy sharoitda yetishtiriladi.
Bu nafaqat import xarajatlarini keskin qisqartiradi, balki yillik 25 million dollar mablag‘ni iqtisod qilish imkonini ham beradi. Eng muhimi, ichki bozorda parrandachilik mahsulotlari narxi 30–40 foizga arzonlashishi kutiladi.
Mazkur investitsiya loyihasi Andijon viloyatida oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda parrandachilik sohasini yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri.