Imkoniyati cheklangan shaxslar davlatimiz himoyasida
BMT Bosh Assambleyasining 1992 yil 14 oktyabrdagi 47-sessiyasida 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni, deb e’lon qilingan.
“O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunida ushbu sana bayram sifatida belgilab qo‘yilgan. Shu munosabat bilan har yili mamlakatimiz bo‘ylab turli xayriya aksiyalari va bayram tadbirlari o‘tkaziladi.
Xususan, 2016 yilda ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan shaxslar va pensionerlarning reabilitatsiya texnik vositalari va protez-ortopediya buyumlari bilan ta’minlanishi 12 ming donani tashkil qilgan bo‘lsa, 2018 yilda bu ko‘rsatgich qariyb 39 mingtaga yetdi. 2019 yilda ham ushbu ijobiy dinamika saqlanib, qariyb 47 mingta reabilitatsiya texnik vositasi va protez-ortopediya buyumlarining muhtoj shaxslarga yetkazilishi ta’minlandi.
2016-2018 yillarda bepul tarzda sanatoriylarda sog‘lomlashtirilgan urush va mehnat faxriylari, pensionerlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning soni 36 mingdan 40 ming nafarga yetdi, 2019 yilda esa 43 ming nafardan ziyod imtiyozga ega fuqarolar bepul sog‘lomlashtirildi.
Aslini olganda yurtimizda keksalar, ijtimoiy muhofazaga muhtoj va nogironligi bo‘lgan shaxslarga nafaqat Xalqaro nogironlar kunida e’tibor ko‘rsatiladi, balki, ular davlat va jamiyatimizning doimiy g‘amxo‘rligi ostida umrguzaronlik qiladi. Ayniqsa, keyingi yillarda ularga munosabat tubdan o‘zgardi va ijtimoiy muhofazasi yanada mustahkamlandi.
– Joriy yilning oktyabr oyida BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi talablari va xalqaro standartlar asosida, “nogiron” so‘zi o‘rniga “nogironligi bo‘lgan shaxs” atamasidan foydalanilanishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonuni tasdiqlandi, u kelgusi yilning boshida kuchga kiradi, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi direktori Alisher Inoqov. – Bu ham imkoniyati cheklangan shaxslarga nisbatan munosabatning yanada yaxshilanayotganini ko‘rsatadi.
2020 yilda belgilangan karantin tartiblari va cheklovlar doirasida keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish davom ettirildi. Jumladan, nogironligi mavjud ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar 25,3 ming dona protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlandi. Shuningdek, 12,8 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxsga reabilitatsiya va protezlash markazlarida tibbiy, ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiya yordam choralari ko‘rsatildi, 19,8 ming nafar urush va mehnat faxriylari, pensionerlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar bepul sanator sog‘lomlashtirildi.
Albatta, bunday chora-tadbirlar xalqimiz orasidagi imkoniyati cheklangan insonlarning o‘z hayotidan rozi holda, farovon turmush kechirishlariga zamin yaratmoqda. Ularga ko‘rsatilayotgan mehr-muruvvat, ham moddiy, ham ma’naviy tomondan qo‘llab-quvvatlashlar xalqimiz va davlatimizning naqadar bag‘rikeng, insonparvar ekanligini yana bir bor tasdiqlamoqda.
Sana munosabati bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi muassasalar tomonidan 730 ming nafarga yaqin nogironligi bor insonlar holidan xabar olinib, ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan.
M.Qosimova, O‘zA