Imkoniyatdan natijagacha: yoshlar bilan ishlashda samaradorlik natijalari qay darajada?
Yoshlar bilan ishlashda samaradorlikka erishish — bu nafaqat ularga ko‘rsatma berish, balki ularning salohiyatini to‘g‘ri yo‘naltirish va ishonchini qozonish demakdir. Bugungi kunda yoshlar axborot texnologiyalarini tez o‘zlashtiradigan, mustaqillikka intiluvchi va an’anaviy yondashuvlardan ko‘ra ko‘proq innovatsion hamda insonga yo‘naltirilgan individuallikni afzal ko‘radigan avloddir.
Endi yoshlar haqida so‘z yuritganda, avvalo, ular uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida gapiramiz. Bu tabiiy, albatta. Chunki ta’lim olish, kasb egallash, zamonaviy texnologiyalarni o‘rganish, ilm-fan va innovatsiya bilan shug‘ullanish, o‘z g‘oya va loyihalarini amalga oshirish uchun yoshlar oldida tobora keng imkoniyatlar ochilmoqda.
Biroq bugungi bosqichda muhim bir savolga e’tibor qaratish zarur: yaratilayotgan imkoniyatlar qanday natija bermoqda?
Yoshlar bilan ishlash samaradorligini baholashda faqat qancha tadbir o‘tkazilgani yoki qancha imkoniyat yaratilganiga emas, balki buning natijasida yoshlarning hayotida qanday o‘zgarish yuz berganiga e’tibor qaratish muhim. Ya’ni imkoniyatning o‘zi emas, uning amaliy natijaga aylanishi asosiy mezon bo‘lishi kerak.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 11sentabr kuni Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi “Yoshlik” talabalar shaharchasiga tashrifi ham bu masalaning naqadar dolzarb ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Tashrif davomida talabalarning ta’lim olishi, yashash sharoiti, xavfsizligi, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ularni qiynayotgan masalalarni tezkor hal etish bilan bog‘liq vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.
“Yoshlik” talabalar shaharchasida 7 ta oliy ta’lim muassasasiga qarashli 41 ta talabalar turar joyida qariyb 18 ming nafar yosh istiqomat qilayotgani bu yerda boshqaruv va xizmatlar samaradorligini ta’minlash muhim vazifa ekanini ko‘rsatadi. Shu jihatdan, talabalar shaharchasida xavfsizlikni ta’minlash, kirib-chiqish va davomatni zamonaviy raqamli tizimlar orqali nazorat qilish, talabalar muammolarini muntazam va tizimli o‘rganish kabi yondashuvlar alohida ahamiyat kasb etadi.
–Zamonaviy boshqaruv muammoni aniqlash va qayd etish bilangina cheklanmaydi, –dedi Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputati, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi bo‘lim boshlig‘i Muhsiddin Nizomiddinov.– Asosiy vazifa - muammoning yechimini tez, aniq va samarali topishdir. Bu borada davlatimiz rahbarining 2025-yil 6-dekabrdagi “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni alohida ahamiyatga ega. Mazkur hujjatda davlat organlarida natijaga asoslangan boshqaruv tizimini joriy etish, hududlarda yangi imkoniyatlarni aniqlash va boshqaruv samaradorligini oshirish muhim vazifalar sifatida belgilangan. Farmonda davlat organlari faoliyatini maqsadli ko‘rsatkichlar va indikatorlar asosida baholash, belgilangan natijalarga erishish jarayonini maxsus elektron platforma orqali monitoring qilishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Mazkur yondashuvni yoshlar bilan ishlash tizimiga tatbiq etish ham muhim.
Jumladan, talabalar bilan yuzlab uchrashuvlar o‘tkazilgani o‘z-o‘zidan yuqori samaradorlikni anglatmaydi. Muhimi, ushbu uchrashuvlardan keyin nechta muammo hal etildi, nechta talaba o‘z savoliga aniq javob oldi, nechta yosh ishga joylashdi, nechta talaba yangi kasb egalladi, nechta tashabbus amaliy loyihaga aylandi? Ana shu savollarga beriladigan javoblar yoshlar bilan ishlashning haqiqiy natijasini ko‘rsatadi.
Talabalar turar joylari misolida ham xuddi shunday yondashuv zarur. Yangi yotoqxonalar qurish va mavjud o‘rinlar sonini ko‘paytirish, albatta, muhim. Biroq bundan keyingi savol — talaba u yerda qanday sharoitda yashamoqda? Internet sifati qanday? Ta’lim olish uchun zarur sharoitlar yaratilganmi? Xavfsizlik qay darajada ta’minlangan? Talaba muammoga duch kelganida kimga va qancha vaqtda murojaat qilishi mumkin? Muammo qay darajada tez va samarali hal etilmoqda? Samaradorlik aynan shu savollarga beriladigan javoblarda namoyon bo‘ladi. Shu sababli yoshlar siyosatida “imkoniyat yaratdik” degan yondashuvdan “imkoniyat qanday natija berdi?” degan yondashuvga bosqichma-bosqich o‘tish muhim.
Olmazor tumanidagi talabalar shaharchasida ta’lim, ilm-fan, IT va yuqori texnologiyalarni birlashtirgan innovatsion muhit yaratish bo‘yicha belgilangan vazifalar ham aynan shu maqsadga xizmat qiladi. Talaba faqat bilim oladigan emas, balki olgan bilimini amaliyotda sinab ko‘rishi, yangi g‘oya va tashabbuslarini hayotga tatbiq etishi mumkin bo‘lgan muhitga ega bo‘lishi kerak. Ana shundagina universitet, talabalar shaharchasi va yoshlar siyosati o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik amaliy natijaga aylanadi. Bu jarayonda yoshlarning o‘zi ham faol ishtirokchi bo‘lishi zarur.
Yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, tashabbus ko‘rsatish, yangi bilim va ko‘nikmalarni egallash hamda o‘z g‘oyalarini amaliy loyihalarga aylantirish ularning shaxsiy mas’uliyatini ham talab etadi. Bugungi yoshlar bilan ishlashda eng muhim mezon - qancha ish qilinganiga emas, qancha natijaga erishilganiga e’tibor qaratishdir. Bu yondashuv nafaqat davlat boshqaruvida, balki yoshlar bilan ishlashning barcha yo‘nalishlarida samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi. Chunki har bir yaratilgan imkoniyat ortida davlatning resursi, mehnati va e’tibori mujassam.
Ushbu imkoniyatlarni haqiqiy natijaga aylantirish esa davlat tashkilotlari bilan bir qatorda yoshlarning ham mas’uliyatidir. Bugun yoshlar uchun ta’lim olish, kasb egallash, zamonaviy texnologiyalarni o‘rganish va o‘z g‘oyalarini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Endigi muhim vazifa bu imkoniyatlarni aniq va o‘lchanadigan natijalarga aylantirishdir. Zero, samaradorlik imkoniyatlar sonida emas, ularning natijaga aylanganida namoyon bo‘ladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA