Ilon Mask: Sun’iy intellekt 5 yildan keyin inson aqlini ortda qoldiradi
Amerikalik tadbirkor Ilon Mask “The Economist” nashriga bergan intervyusida sun’iy intellekt tizimlari keyingi besh yil ichida insoniyatning umumiy aqlini ortda qoldirishi mumkinligiga ishonishini aytdi.
Uning ta’kidlashicha, taxminan 10 yil ichida robotlar va sun’iy intellekt jismoniy va aqliy ishlarning ko‘p qismini egallab oladi va mehnat odamlar uchun “ixtiyoriy tanlov”ga aylanadi.
Maskning fikricha, bu jarayon dunyoda “misli ko‘rilmagan mo‘l-ko‘lchilik”ga olib keladi va pul avvalgi ahamiyatini yo‘qotadi. Hukumatlar fuqarolarga moliyaviy imtiyozlar bera oladi, chunki mashinalar tomonidan tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarish deyarli cheksiz bo‘lib qoladi. Deflyatsiya xavfi inflyatsiya xavfidan ustun keladi.
Mask shuningdek, keyingi 20 yil ichida Buyuk Britaniyada fuqarolar urushi ehtimolini istisno qilmasligini aytdi. Uning aytishicha, bunga G‘arb qadriyatlariga zid bo‘lgan qarashlar keltirib chiqaradigan ijtimoiy keskinliklar sabab bo‘lishi mumkin.
S.Rahimov, O‘zA