Ilmli o‘quvchilari bilan dovrug‘ qozongan maktab
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Pop tumanining Sang qishlog‘i tarixda “Ming uyli Sang” deb nomlangan. Ayni paytda Sangda 21 ming nafar aholi istiqomat qilmoqda.
Qishloqning dong‘i nafaqat viloyat yoki vodiyga, balki respublikamizga ham taralganki, bu uning ilmu hunarli insonlari tufaylidir.
Bugun o‘zining 100 yillik to‘yiga qizg‘in hozirlik ko‘rayotgan, qishloqdagi 10-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabidan yetishib chiqqan mashhur insonlarning son-sanog‘i yo‘q.
Mustaqillikkacha bo‘lgan davrda “Mehnat Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lgan Mamajon ota Toshmatov, Hamrovali Omonov, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy komissari, general Sotvoldi Ergashev, O‘zMU (sobiq ToshDU) dotsenti, pedagogika fanlari nomzodi Rahmonjon Yodgorov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, marhum qiziqchi Rustam Hamroqulov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ortiqali Namozov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan paxtakor Dilorom Rahmatova, Namangan viloyati hokimining sobiq birinchi o‘rinbosari Yo‘ldoshali Jo‘rayev, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Ortiqali Qozoqov singari elimizning taniqli insonlari ushbu maktabda tahsil olgan.
[gallery-18637]
94 yoshga kirgan, boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi Shirincha Tursunova, rus adabiyoti fani o‘qituvchisi Mirzavali Omonov hamda maktabning ko‘p yillik rahbari, uni gimnaziya maktabiga aylantirgan inson Rahimjon Mamanazrovlar ta’lim muassasasining uzoq yillik tarixiga guvoh bo‘lgan ta’lim fidoyilaridan.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA