Ilmiy yoʻnalishda hamkorlik
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Alisher Umarov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Alisher Umarov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi.
2019-yil 11-oktyabrda bu oliygohlar oʻrtasida hamkorlik shartnomasi imzolangan edi. Oʻtgan davr mobaynida Nizomiy nomidagi TDPUning 2 nafar talabasi talaba almashinuvi dasturi boʻyicha bir semestr davomida NDPIda tahsil olgan boʻlsa, 2021-yil uchun byudjet mablagʻlari hisobidan universitetda Navoiy davlat pedagogika instituti uchun 1 nafar maqsadli tayanch doktoranturaga kvota belgilandi. Shuningdek, navoiylik 8 nafar tadqiqotchiga TDPU professorlari ilmiy rahbar va ilmiy maslahatchi sifatida biriktirildi.
Delegatsiya aʼzolari Navoiy shahridagi “Qorakoʻl” maktab-internati bilan tanishdi. Ushbu maktab-internati viloyatlar orasida birinchi boʻlib Navoiy shahrida ochilgani alohida eʼtirof etildi.
Buxoro viloyatining Xalqaro matematika faniga ixtisoslashtirilgan “Qorakoʻl maktabi” bilan hamkorlikda 500 oʻrinli Navoiy-Qorakoʻl maktab-internatida fizika, kimyo, biologiya va ingliz tili fanlari chuqurlashtirib oʻrgatiladi.
Shuningdek, rektor boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Navoiy shahrida yangi ochilgan “Beruniy” nomidagi xususiy maktab faoliyati, oʻquvchilar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar bilan tanishib, dars jarayonlarida bevosita ishtirok etishdi.
– Ilm maskanimiz 320 oʻringa moʻljallangan boʻlib, ayni paytda 1-5 sinflarda 150 nafar oʻquvchi taʼlim olmoqda. Ularga 44 nafar oʻz kasbining bilimdonlari saboq bermoqda. Xususiy taʼlim maskanimizda ilm-fanni yana-da rivojlantirish, kelajak avlodning zamonaviy bilimlarni egallashiga alohida eʼtibor qaratilgan, – deydi maktab direktori Gulnora Jumaniyozova.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, taʼlim muassasalarida har bir oʻqitiladigan fan boʻyicha xonalar alohida jihozlangan.
Delegatsiya tashrifi davomida mazkur OTM rektorlari tomonidan yana bir qator hamkorlik rejalarini amalga oshirish belgilab olindi.
