Ilmiy kadrlar tayyorlash va attestatsiya tizimini takomillashtirish: yangi bosqich va islohotlar
Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi ijrosini ta’minlash maqsadida “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Toshkent davlat yuridik universiteti Tadqiqot markazi bosh ilmiy xodimi, yuridik fanlar doktori, professor Foziljon Otaxonov farmonning muhim jihatlari va ahamiyati haqida gapirib berdi:
– Mazkur farmon ilm-fan sohasini yanada rivojlantirish, zamonaviy ilmiy kadrlar tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan muhim strategik hujjat hisoblanadi.
Shu asosda oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimi xalqaro standartlarga muvofiqlashtiriladi. Ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish, ilm-fanni iqtisodiyot ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish hamda innovatsion rivojlanish uchun zamonaviy akademik muhit yaratiladi.
Hujjatning asosiy g‘oyasi ilm-fanni ortiqcha byurokratik jarayonlardan xoli qilish, ilmiy tadqiqotlarning amaliy samaradorligini oshirish va raqobatbardosh ilmiy kadrlar tayyorlashdan iboratdir. Bu jihatdan mazkur hujjat nafaqat ilmiy attestatsiya tizimini takomillashtirish, balki milliy innovatsion taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishga ham xizmat qiladi.
– Ilmiy kadrlar tayyorlashning qanday ustuvor yo‘nalishlari belgilandi?
– Endi sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, raqamli texnologiyalar, qayta tiklanuvchi energetika, genetika, biotexnologiya, nanotexnologiya, robototexnika va oziq-ovqat xavfsizligi kabi sohalar davlat siyosati darajasida ustuvor ilmiy yo‘nalish sifatida e’tirof etilmoqda. Bu esa, ilmiy tadqiqotlarning nazariy xususiyatdan amaliy va innovatsion iqtisodiyot ehtiyojlariga mos shaklga o‘tishiga xizmat qiladi. Boshqacha aytganda, ilm-fan iqtisodiy taraqqiyotning asosiy drayverlaridan biri sifatida qaralmoqda.
Farmonning muhim yangiliklaridan biri – tayanch doktorantura va doktorantura qabul tizimining qayta ko‘rib chiqilganidir. Xususan, 2026-yildan boshlab davlat granti asosidagi qabul kvotalarining kamida 60 foizi ustuvor ilmiy yo‘nalishlarga ajratilishi belgilandi. Bu davlat mablag‘larining samaradorligini oshirish hamda mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega sohalarda yuqori malakali kadrlar tayyorlash imkonini beradi.
Shu bilan birga, ustuvor ixtisosliklarda tahsil olayotgan doktorantlar uchun bazaviy stipendiya miqdorining 1,7 baravarga oshirilishi va tadqiqotlar uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi nazarda tutilgan. Bu yoshlarni ilm-fanga keng jalb qilishga xizmat qiladigan muhim iqtisodiy rag‘batlantirish mexanizmi hisoblanadi.
– “Amaliy doktorantura (PhD)” tizimi joriy etilishi qanday samara beradi?
– Unga ko‘ra, tadqiqotlar faqat nazariy emas, balki muayyan amaliy loyihalar doirasida amalga oshiriladi. Doktorantlar ilmiy tashkilotlar, ishlab chiqarish korxonalari va xususiy sektor bilan hamkorlikda tadqiqot olib boradi.
Bu esa, ilm-fan va iqtisodiyot integratsiyasini kuchaytirish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish hamda tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy qilish imkoniyatini kengaytiradi.
Mazkur yangilik O‘zbekiston ilmiy tizimi uchun mutlaqo yangi yondashuv bo‘lib, ilm-fanning amaliyotdan uzilib qolishi muammosini bartaraf etishga qaratilgan.
– Ilmiy daraja berish tizimini liberallashtirish va soddalashtirish qanday amalga oshiriladi?
– 2027-yildan boshlab bir qator ortiqcha byurokratik talablar bekor qilinishi belgilandi. Jumladan, chet tili bo‘yicha malaka imtihoni, dissertatsiya mavzusini ro‘yxatdan o‘tkazish, monografiya chop etish, avtoreferat nashri hamda OAK ekspert kengashlari ekspertizasi kabi tartiblar bekor qilinadi.
Bu o‘zgarishlar tadqiqotchilar uchun sun’iy to‘siqlarni qisqartirish, ularning vaqt va resurslarini bevosita ilm bilan shug‘ullanishga yo‘naltirishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, ilmiy daraja berish jarayonida asosiy e’tibor hujjatlar soniga emas, tadqiqotning haqiqiy ilmiy va amaliy ahamiyatiga qaratiladi.
– Farmonning yana qanday muhim jihatlari bor?
– Eng muhim jihat – ilmiy kengashlar mas’uliyati va mustaqilligini oshirishga qaratilgan normalardir. Endi ilmiy kengashlar dissertatsiyalar ekspertizasining xolis va sifatli o‘tkazilishi, ilmiy ishlarda ko‘chirmachilikni aniqlash hamda qabul qilingan qarorlarning asosliligi uchun bevosita mas’ul etib belgilanmoqda.
Bu akademik mustaqillik prinsipining kuchayishini anglatadi. Davlat ilmiy kengashlarga ishonch bildirmoqda va ularni mustaqil ilmiy ekspertiza markaziga aylantirishga harakat qilmoqda.
Mazkur norma xalqaro akademik standartlarga ham to‘liq mos keladi. Rivojlangan davlatlarda universitet va ilmiy kengashlar dissertatsiya sifati uchun mustaqil javobgar hisoblanadi. Davlat organlari esa asosan monitoring va umumiy tartibga solish funksiyasini amalga oshiradi. Shu nuqtai nazardan, mazkur farmon O‘zbekiston ilmiy attestatsiya tizimini xalqaro modellarga yaqinlashtirishda muhim qadam hisoblanadi.
– Oliy attestatsiya komissiyasining vazifalari konseptual jihatdan qayta belgilangani qanday natija beradi?
– Xususan, OAK ilmiy daraja va unvonlarga qo‘yiladigan malaka talablarining xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlovchi institut sifatida belgilangan. Bu esa milliy ilmiy darajalarning xalqaro akademik hamjamiyat tomonidan tan olinishi uchun muhim huquqiy asos yaratadi. Endi asosiy e’tibor formal hisobotlarga emas, balki ilmiy tadqiqotning sifati, akademik halollik va xalqaro raqobatbardoshlikka qaratiladi.
Farmonning yana bir muhim jihati — ilmiy jarayonlarni to‘liq raqamlashtirishdir. Barcha dissertatsiya jarayonlarini yagona elektron tizim orqali amalga oshirish vazifasi belgilangan. Bunda dissertatsiyani topshirish, taqriz berish, ekspertiza, himoya jarayoni va diplomlarni rasmiylashtirish raqamli shaklda amalga oshiriladi. Bu inson omilini kamaytirish, korrupsiyaviy xavflarni oldini olish va jarayonlarning shaffofligini ta’minlash nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.
Fanlar akademiyasi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ilmiy attestatsiya tizimini amaliy jihatdan tartibga soluvchi idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan. Bu farmonda belgilangan islohotlarning samarali amalga oshirilishi uchun muhim institutsional mexanizm hisoblanadi. Chunki har qanday islohot uni amalga oshirishning aniq huquqiy mexanizmlari yaratilgandagina to‘liq ishlaydi.
Umuman olganda, farmon O‘zbekistonda ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan kompleks islohotlar dasturi hisoblanadi. Uning mazmun-mohiyati ilm-fanni zamonaviy iqtisodiyotning harakatlan-tiruvchi kuchiga aylantirish, xalqaro standartlarga mos raqobatbardosh akademik muhit yaratish va yosh olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Ayniqsa, raqamlashtirish, amaliy tadqiqotlarga ustuvor ahamiyat berish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, akademik halollikni ta’minlash va ilm-fanni biznes bilan integratsiya qilishga qaratilgan normalar milliy ilmiy tizim rivojida yangi davrni boshlab berishi mumkin. Eng muhimi, mazkur farmon ilm-fanni rasmiy hisobot va qog‘ozbozlik tizimidan chiqarib, haqiqiy intellektual taraqqiyot va innovatsion rivojlanishning asosiy institutiga aylantirishga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri
N.Abduraimova suhbatlashdi