Ilmiy faoliyat rivoji — taraqqiyot omili
Ta’lim-tarbiya, ilm-fan har bir sohaning muhim poydevori hisoblanadi. Ta’lim tizimining samarali yo‘lga qo‘yilishi esa ertamiz poydevorining mustahkam bo‘lishining asosiy garovidir. Shuning uchun ham bugun O‘zbekistonda ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish, sohani xalqaro miqyosga olib chiqish, malakali kadrlar tayyorlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Ushbu maqsadlarga katta kuch va mablag‘lar yo‘naltirilayotgani, maktabgacha ta’limdan toki maktab va oliy ta’lim tizimlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatigacha bo‘lgan tizimga davlat rahbari rahnamoligida e’tibor qaratilayotgani kishini mamnun qiladi. Bu kabi sa’y-harakatlardan ota-ona sifatida farzandlarimizning ertasidan ko‘nglimiz to‘q bo‘lsa, ta’lim sohasi vakili sifatida tizimdagi tub o‘zgarish va yangilanishlardan, e’tibor va qo‘llab-quvvatlanishlardan yanada ilhomlanib, o‘z kasbimizga bo‘lgan mehrimiz tog‘dek ortadi.
Ta’lim tizimida o‘nlab muhim farmon, qaror va dasturlar qabul qilingani, ular asosida sohada juda katta o‘zgarishlar amalga oshirilayotgani e’tiborga molik. Yangi O‘zbekiston sahnidagi bu kabi islohotlardan nafaqat yaqin yillar, balki uzoq kelajak ko‘zlanayotir. Bu esa, o‘z navbatida, yurtimizning rivojlangan davlatlar qatoridan o‘rin olishdek yuksak maqsadlariga xizmat qilishi shubhasiz.
Ma’lumki, 2020 yil 29 oktyabrda “Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi. Mazkur farmon asosida tasdiqlangan konsepsiya iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani jadal rivojlantirish, ilmiy-intellektual hamda moliyaviy resurslarni to‘liq safarbar etgan holda ilmiy-innovatsion salohiyatdan keng foydalanish, istiqbolda ilm-fanni muntazam isloh qilib borishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Unda ko‘zda tutilgan ustuvor vazifalar zamonaviy bilimga ega va mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy infratuzilmani modernizatsiya qilish ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Mazkur huquqiy hujjat ilm-fan yo‘lidagi har bir insonga yangicha kuch-quvvat, madad bergani, o‘z ustida ishlash ishtiyoqini oshirgani shubhasiz. Zero, unda ko‘zda tutilgan maqsad-vazifalar ilmiy yo‘nalishlardagi faoliyat samaradorligini ta’minlaydi, keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Xususan, ilmiy faoliyatni izchil davom ettirishni tanlagan yosh tadqiqotchi-pedagog sifatida meni va men kabi yuzlab yoshlarni, stajyor-tadqiqotchi va izlanuvchilarni fan yo‘nalishlaridagi yangi innovatsion g‘oya va izlanishlarga undadi.
Prezidentimiz shu yil 1 oktyabr — Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan soha vakillariga yo‘llagan tabrik nutqida shunday dedi: “Oliy ta’lim tizimining vazifasi faqat talabalarga dars berishdan iborat emas. Universitet va institutlarimiz ilm-fan sohasida ham faol ishlashi, yoshlarni ilmiy ishlarga, katta-katta loyihalarga jalb etishi kerak. Ushbu muassasalarda ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada rivojlantirish maqsadida ilmiy-texnik dasturlar doirasida amalga oshiriladigan loyihalar ko‘lamini 3 barobar kengaytirish, doktoranturaga qabul kvotalarini 4 marta ko‘paytirish zarur”.
Darhaqiqat, Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi davlatimiz rahbari tomonidan ta’kidlangan ushbu da’vatning mantiqiy davomi bo‘ldi. Mazkur konsepsiyaga ko‘ra, ilmiy tashkilotlarning ilmiy-innovatsion faoliyati samaradorligini baholashga yo‘naltirilgan milliy reyting tizimi joriy etiladi, ilm-fanda o‘zini o‘zi boshqarish tizimini rivojlantirish orqali davlat va ilmiy tashkilotlar o‘rtasida ijtimoiy sheriklik rivojlantiriladi hamda uning doirasida loyihalar amalga oshiriladi. 2025 yilga qadar ilm-fanga yo‘naltiriladigan jami mablag‘larning yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushini 6 baravarga, 2030 yilgacha esa 10 baravarga oshirish ko‘zda tutilgan. Ilmiy yo‘nalishlarni shakllantirish va ularning samarali faoliyat yuritishini ta’minlash hamda ilmiy maktablar, fan namoyandalari va yetakchi olimlarning sohadagi mas’uliyatini oshirish maqsadida har bir fan yo‘nalishlari bo‘yicha fan jamiyatlari tashkil qilinadi.
Katta maqsadlarni ko‘zda tutgan mazkur konsepsiya kelgusida ilm-fanni rivojlantirish, ta’lim tizimi va ilmiy faoliyatni tubdan takomillashtirish va xalqaro darajaga olib chiqishga xizmat qiladi. Zero, mamlakatimiz va jamiyatimizning zamon talablari darajasida rivojlanishini ilm-fansiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Fundamental tadqiqotlar orqali yangi bilimlar o‘zlashtiriladi va nazariyalar shakllantiriladi, kelgusi amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalar uchun mustahkam asos yaratiladi. Shu bois ham bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan tadqiqotlarni ilm-fanning bugungi yuqori rivojlanish darajasiga to‘la javob berishiga e’tibor qaratilayotir. Bunda konsepsiya doirasidagi sa’y-harakatlar muhim omil bo‘ladi.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, Toshkent davlat yuridik universiteti jamoasi vakillari ham ilm-fan yo‘nalishida samarali faoliyat yuritishmoqda. So‘nggi bir yil mobaynida 30 dan ortiq dissertatsiya himoyalari amalga oshirilib, universitetning ilmiy salohiyati 38 foizga yetdi. Professor-o‘qituvchilarning 70 dan ortiq maqolalari nufuzli Scopus xalqaro ilmiy bazasiga kiritilgan jurnallarda chop etildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan ushbu konsepsiya doirasida universitetning ilmiy yo‘nalishdagi faoliyati yanada kengayib, ilm-fan namoyandalari soni ortadi.
Davlatimiz rahbari soha vakillariga yo‘llagan tabrik nutqida ta’kidlaganidek, “Barchamiz yaxshi bilamizki, insonning ongi va dunyoqarashi, fikri o‘zgarmasa, jamiyat o‘zgarmaydi. Jamiyat o‘zgarmagan joyda hech qanday ijobiy natija ham, taraqqiyot ham bo‘lmaydi. Odamlarning ongu tafakkurini o‘zgartiruvchi kuch esa, hech shubhasiz, avvalo, o‘qituvchi-murabbiylar, oliygoh domlalari, ilm-fan arboblari, madaniyat va san’at, adabiyot namoyandalaridir”.
Darhaqiqat, ilm-fan ravnaqi jamiyat taraqqiyotining, mamlakat istiqbolining muhim omilidir. Shu bois ham ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan fan namoyandalariga yanada keng imkoniyatlar yaratish, ta’lim tizimini, ilm-fan sohasini kompleks rivojlantirish doimiy e’tibor markazidagi masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Har birimiz yurtimizdagi bunday imkoniyatlardan samarali foydalanib, yanada faol, zamonaviy yutuqlardan xabardor bo‘lishimiz lozim.
Dilso‘z Zoyirova,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Xorijiy tillar kafedrasi o‘qituvchisi