Ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlmagay
Murojaatnomada ilmli boʻlish, taʼlim masalasiga alohida toʻxtalib oʻtildi.
Buyuk alloma Imom al-Buxoriy “Ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlmagay”, degan qimmatli soʻzlari Prezidentimizning Murojaatnomasi mazmun-mohiyatida yaqqol aks etgani uning hayotbaxshligi nishonasidir.
Murojaatnomada ilmli boʻlish, taʼlim masalasiga alohida toʻxtalib oʻtildi. Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda birgina 2019-yilning oʻzida 19 oliy taʼlim muassasasi ochildi. Oliy taʼlim muassasalariga jami 146 ming 500 nafar yoki 2016-yilga nisbatan 2 barobar koʻp talaba oʻqishga qabul qilindi.
Bu raqamlar yurtimizda yashayotgan har bir kishini quvontiradi. Chunki har bir oilada taʼlim olishga intilayotgan farzandlar bor.
Shaxsan oʻzim ham taʼlim sohasi vakili sifatida bitiruvchilarni oliy taʼlim bilan qamrab olishni 2020-yilda – 25, kelgusida esa 50-60 foizga yetkazishga oid fikrlaridan mamnun boʻldim.
Darhaqiqat, bitiruvchilarni oliy taʼlim muassasalariga koʻproq qamrab olish darkor. Chunki hozirgi kunda yurtimizda oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishda qatʼiy chegara mavjudligi uchun talaba boʻla olmagan abituriyentlar vaqtdan unumli foydalanish maqsadida soʻnggi paytlarda MDH mamlakatlari oliy taʼlim muassasalariga murojaat qilmoqda. Bu esa koʻp hollarda abituriyentlarning firibgarlarga aldanib qolishiga olib kelmoqda.
Abituriyent boshqa davlatda oʻqishga qabul qilingan taqdirda ham bir qancha masalalar kishini oʻylantiradi. Birinchi galda aytish lozimki, aksariyat holatlarda mamlakatimiz abituriyentlari xorijdagi oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilinganda toʻlov-kontrakt asosida talaba boʻlmoqda. Bu, oʻz navbatida, mamlakatimiz aholisining daromadlari chet elga “sizib ketishi”ni anglatadi.
Ikkinchi xavotirli jihat shundaki, bir umr ota-ona bagʻrida yashagan yoshlarimiz xorijda oʻqish ilinjida birdan mustaqil hayotga uchirma boʻlmoqda. Ayni nazoratga olinish yoshidagi yigit-qizlarimizning madaniyati bizga yot boʻlgan davlatda oʻqishi, yashashi ota-onalarni xavotirga solmoqda.
Shu sababli mamlakatimizda oliy taʼlim muassasalari soni oshirilib, qabul kvotalari kengaytirilishi ayni muddao.
Aytib oʻtish kerakki, hozirgi kunda mehnat bozori shiddatli va beshafqat. Talaba yaxshi mutaxassis boʻlib yetishmasa munosib ish topolmay mehnat bozorida “sinib ketadi”. Jamiyatning oʻzi iqtidorsiz mutaxassisni siqib chiqaradi.
Sir emas, taʼlimga intilish oiladan boshlanadi. Bola koʻp vaqtini ona bilan oʻtkazgani tufayli ayolning maʼrifatli ekani bu jarayonga juda katta taʼsir oʻtkazadi. Shu jihatdan qizlarga taʼlimni maqbullashtirish boʻyicha islohotlar nafaqat ularning oʻzi, balki jamiyatning kelgusida rivojlanishi uchun ham juda ahamiyatli.
Davlatimiz rahbari murojaatnomada kelgusida qizlarimiz uchun alohida grantlar ajratilishi, bunda Xotin-qizlar qoʻmitasi ushbu grantlar asosida oʻqitishga nomzodlarni tanlash va saralash mezonlarini ishlab chiqishini maʼlum qildi. Bu Yurtboshimizning gender siyosatidagi ijobiy qadamlaridan biri, deyish mumkin.
Shu oʻrinda Toshkent davlat yuridik universitetida ham ayol xodimlar qoʻllab-quvvatlanayotganini aytib oʻtmoqchiman.Universitetdagi 15 kafedradan 8 tasiga ayollar rahbarlik qilmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, barcha koʻngilsizliklarning sababi ilmsizlikdir. Shu bilan birga baxt-saodat ham aynan maʼrifatdadir.
Dinara OTAJONOVA,
TDYUU Mehnat huquqi kafedrasi mudiri.