Ilm olish – farovon yashashning sinalgan yo‘li
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida yurtimiz va xorijda taniqli bo‘lgan fiziolog olim, “Do‘stlik” ordeni sohibi, oliy ta’lim a’lochisi, akademik Bakriddin Zaripov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda universitet professor-o‘qituvchilari, olimlar, iqtidorli yoshlar ishtirok etdi.
Mamlakat taraqqiyotiga oid fundamental tadqiqotlar olib borayotgan, dolzarb masalalarni tahlil qilish barobarida, ularning yechimi yuzasidan ham amaliy takliflar berayotgan fidoyi olimning aytishicha, baxtli bo‘lish, to‘kis hayot kechirish, farovon yashashning sinalgan yo‘li – ilm olishdir.
– Hamma zamonlarda rivojlanish tag zamini ilmga qurilgan, – deydi Bakriddin Zaripov. – Ilmga asoslanmagan har qanday g‘oya esa puchdir. Shu bois bugungi kunda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ilm-fan va ta’limni rivojlantirishga eng ustuvor vazifalardan biri sifatida alohida e’tibor qaratilmoqda. Qaysi soha bo‘lmasin, har bir ishda ilm-fan yutuqlariga tayanilib, amaliyotga ilg‘or innovatsiyalarni tatbiq etish payida bo‘linyapti. Zotan, ma’rifatparvar jadid bobolarimiz ta’kidlaganlaridek, najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda.

Darhaqiqat, barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi. Uchrashuvda akademik yurtimiz va xorij ta’lim tizimi, bu borada AQSH ta’limi va ilm-fani rivojida Harvard hamda Nyu-York universitetlarining roliga bag‘ishlangan ma’ruza qildi. O‘ta samimiy ruhda, jonli muloqot shaklidagi chiqish yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Bakriddin Zaripov uzoq yillardan buyon Harvard universiteti bilan hamkorlik qilib, mazkur oliy o‘quv yurti talabalariga ma’ruzalar o‘qib keladi.
Akademik e’tirof etganidek, Harvard universiteti ta’lim, buyuklik va intellektual ilhomning ramzi hisoblanadi.1636 yilda tashkil etilgan ushbu ta’lim muassasasi nafaqat dono aqllar beshigi, balki betakror an’ana va shiorlar shakllanadigan maskanga aylangan. Uning shiorlari donolik manbai va bilimga intilish uchun rag‘bat sifatida o‘z o‘quvchilarini doimo katta yutuqlarga chorlab kelgan. Mana, shulardan biri: “Bilim olish azobi – vaqtinchalik, bilimsizlik azobi esa bir umrlikdir”.
Tadbirda akademik Harvard universiteti o‘qituvchilari va talabalari hayoti, ularning ilmiy-amaliy ishlari, ong va tafakkurning bilim olishdagi fiziologik-genetik mexanizmlari, yoshlarni tarbiyalashda ilm-fanning roliga batafsil to‘xtaldi. Buyuk muhaddis alloma Imom Buxoriyning “Barcha ezgu amallar niyatga bog‘liqdir”, degan hadisining yoshlarga ta’lim berish hamda pedagoglik mahoratini oshirishdagi fiziologik mexanizmlari yoritib berildi.
Shuningdek, ilmiy va pedagoglik faoliyati davomida qo‘lga kiritgan yutuqlari, orttirgan boy tajribasi, yoshlarning yashirin iqtidorini yuzaga chiqarish, ularning olib borayotgan sharafli ishlari haqida gapirib berdi. Tadbir ishtirokchilarining savollariga atroflicha javob berildi.
M.Qosimova, O‘zA