Ilm-fan Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining strategik kuchiga aylanmoqda
Har bir xalqning yuksalishi, avvalo, oldiga qo‘ygan maqsadlari va ularni ro‘yobga chiqarish yo‘lida ilmiy, intellektual hamda ma’naviy salohiyatini qay darajada safarbar eta olishiga bog‘liq. Bugun Yangi O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘yayotgan bir paytda ilm-fan, ta’lim, zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalar jamiyat yuksalishining muhim omillaridan biriga aylanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vatanimiz davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ham mazkur haqiqatlar, xususan, mustaqillikning tarixiy ildizlari, milliy davlatchilik an’analari, inson qadri, iqtisodiy taraqqiyot, ijtimoiy sohadagi islohotlar bilan bir qatorda, ta’lim, ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarning mamlakat kelajagidagi o‘rni alohida ta’kidlandi. Ayniqsa, davlat rahbarining “Ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili deb bilamiz”, degan fikri bugungi ilmiy jamoatchilik oldida turgan vazifalarni teran anglash uchun muhim dasturulamal bo‘la oladi. Chunki zamonaviy dunyoda davlatlarning raqobatbardoshligi nafaqat tabiiy resurslar yoki ishlab chiqarish quvvatlari, balki bilim, ilmiy tadqiqotlar, texnologik yangiliklar va inson kapitalining rivojlanganlik darajasi bilan ham belgilanadi.

Bugun jahonda fan va texnologiyalar misli ko‘rilmagan tezlikda rivojlanmoqda. Sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, robototexnika, biotexnologiya, yangi materiallar, yashil energetika va boshqa innovatsion yo‘nalishlar ishlab chiqarish hamda ijtimoiy hayotning ko‘plab jabhalarini o‘zgartirmoqda. Bunday sharoitda oliy ta’lim muassasalarining vazifasi faqat tayyor bilimlarni yetkazish bilangina cheklanib qolmaydi. Har bir universitet zamonaviy ilmiy fikr, yangi g‘oya va texnologik yechimlar shakllanadigan muhim ilmiy makonga aylanishi zarur.
Davlat rahbari nutqida kelgusi yillarda mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan yettita milliy dasturni amalga oshirish ko‘zda tutilayotgani qayd etildi. Mazkur dasturlar ta’lim va bilim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot, suv va tabiatga munosabat, qonun ustuvorligi, mahalla taraqqiyoti hamda xalqaro aloqalar kabi keng yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Ularning barchasini birlashtirib turadigan muhim omillardan biri esa bilimli, malakali, zamonaviy tafakkurga ega inson kapitalidir. Bu jarayon oliy ta’lim professor-o‘qituvchilari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi.
Bugungi pedagog bir vaqtning o‘zida o‘qituvchi, tadqiqotchi va ilmiy rahbar sifatida faoliyat olib borishi, o‘z fanining zamonaviy rivojlanish tendensiyalarini kuzatishi, ilmiy izlanishlarini ta’lim jarayoni bilan uyg‘unlashtira olishi muhim. Ayniqsa, muhandislik, kon-metallurgiya, energetika, avtomatlashtirish va texnologik yo‘nalishlarda nazariya bilan amaliyotning uzviy bog‘liqligi ilmiy-pedagogik faoliyatning samaradorligini belgilovchi asosiy mezonlardan biridir.
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida olib borilayotgan ilmiy-pedagogik faoliyatni ham ana shu jarayonning bir ko‘rinishi sifatida baholash mumkin. Universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlar, ilmiy maqolalar, monografiyalar, darslik va o‘quv qo‘llanmalar, amaliy loyihalar hamda ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikdagi ilmiy izlanishlar ta’lim va ilm-fanning o‘zaro uyg‘unligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Shu ma’noda, Prezidentimiz nutqida O‘zbekistonning texnologiya sohalarida jahonga ilg‘or tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarurligi haqidagi fikrlar alohida dolzarblik kasb etadi. Demak, bugun auditoriyada berilayotgan bilim ertangi kunning texnologik salohiyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu jihatdan, oliy ta’lim muassasalarida fizika, matematika, kimyo kabi fundamental fanlarni o‘qitish sifatini oshirish masalasi faqat ta’lim jarayonining ichki vazifasi emas. Bu mamlakatning uzoq muddatli ilmiy-texnologik taraqqiyoti bilan bog‘liq masaladir. Chunki zamonaviy muhandislik yechimlari, yangi texnologiyalar va innovatsion loyihalarning ilmiy asosida fundamental bilimlar yotadi.
Yangi O‘zbekistonning kelgusi o‘n yilligi milliy yuksalish davri sifatida ta’riflanayotgan bir sharoitda ilm-fan vakillarining zimmasidagi mas’uliyat ham yanada ortmoqda. Bugungi olim va pedagog nafaqat mavjud bilimlarni asrab-avaylashi, balki yangi bilim yaratishga, yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlashga, talabalarda ilmiy tafakkurni shakllantirishga intilishi kerak. Ilmiy maktablarning davomiyligi ham aynan shunday muhitda ta’minlanadi. Ayniqsa, yoshlarning ilm-fanga qiziqishini oshirish, ularni tadqiqot faoliyatiga jalb etish, iqtidorli talabalarni ilmiy rahbarlar atrofida birlashtirish kelajak uchun muhim vazifalardandir. Chunki bugungi talaba ertangi kunning muhandisi, olimi, ixtirochisi va texnologik loyihalar muallifidir. Uning bilim va salohiyatiga kiritilgan har bir sarmoya mamlakatning ilmiy kelajagiga qo‘yilgan sarmoyadir.
Zero, taraqqiyotning yangi bosqichida ilm-fan alohida bir soha emas, balki iqtisodiyot, ta’lim, sanoat, energetika, ekologiya va jamiyat hayotining boshqa yo‘nalishlarini harakatga keltiruvchi muhim intellektual kuchidir. Ilmga tayanib qurilgan kelajak barqaror bo‘lib, bilimga aylangan investitsiyalar esa avlodlar taraqqiyotiga xizmat qiladi. Yangi O‘zbekistonning ilmiy va texnologik kelajagi ham aynan ana shu bilim, izlanish va bunyodkorlik ruhi bilan chambarchas bog‘liq.
Fazliddin Baychayev,
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti dotsenti.
O‘zA