Ilm-fan va innovatsiyalar – yuqori hosil garovi
Qishloq xo‘jaligi mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Aholi sonining ortishi va oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabning ko‘payishi sharoitida g‘alla yetishtirish samaradorligini oshirish dolzarb vazifaga aylanmoqda. Bu borada ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalar muhim ahamiyat kasb etyapti.
Navoiy viloyatida ham innovatsion texnologiyalarni joriy qilish, tomchilatib sug‘orish tizimidan keng foydalangan holda suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, agrotexnik tadbirlarni yuqori unumli qishloq xo‘jalik texnikalari yordamida amalga oshirilishi fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish bilan bir qatorda, g‘alla maydonlarida salmoqli hosil yaratilishida muhim omil bo‘lmoqda.
Joriy yilda fermer xo‘jaligimiz tomonidan 32 gektar maydonda g‘allaning “Asr” navi ekilib parvarish qilindi. Yaratilgan keng imkoniyatlar, amalga tatbiq etilgan innovatsion texnologiyalar hamda yuqori tajriba va ilm asosida yondashilgan agrotexnik tadbirlarga tayangan holda har gektaridan 100 sentnerdan ortiq hosil kutilmoqda.
Xuddi, shuningdek, tumanimizdagi g‘allachilikda keng innovatsion texnologiyalarni qo‘llagan holda dehqonchilik qilayotgan “Lochin” fermer xo‘jaligi har gektardan 103 sentner, “Qurbon mergan” fermer xo‘jaligi 102 sentner va “Karmana Aziz istiqboli” fermer xo‘jaligi 103 sentnerdan hosil olganligi ham fikrimizning yaqqol dalilidir.

Bugungi kunda g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlar ekish yerdan unumli foydalanishning samarali usullaridan biri bo‘lmoqda. Tumanimizda ushbu maydonlarga mosh, loviya, kungaboqar, makkajo‘xori, sabzavot va poliz ekinlarini takroriy ekin sifatida ekish ishlari bosqichma-bosqich olib borilmoqda. Bu aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
So‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan fermerlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar ham soha rivojiga xizmat qilmoqda. Jumladan, imtiyozli kreditlar va subsidiyalar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining iqtisodiy manfaatdorligini oshirmoqda.
Yaqinda Vazirlar Mahkamasining fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “2026-yil hosilidan bug‘doy xarid qilish va ichki bozorni bug‘doy bilan barqaror ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining O‘zbekiston fermerlari kengashining 2026-yil hosili uchun davlat resursiga 3-sinf bug‘doyning bir tonnasini 3,2 million so‘mdan qabul qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimlarining 2026-yil hosilidan jami 3050 ming tonna, shundan bug‘doy yetishtiruvchilar tomonidan yetishtirilgan 1300 ming tonna bug‘doyni keyinchalik birja savdolari orqali sotish uchun qabul qilish hamda 1500 ming tonna tovar bug‘doyni davlat resursi sifatida va 250 ming tonnasini urug‘lik uchun Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan xarid qilish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullanganligi tumanimiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari uchun ayni muddao bo‘ldi.

Xullas, ilm-fan yutuqlari va innovatsion yechimlar g‘allachilik sohasining barqaror rivojlanishida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish orqali yuqori va sifatli hosil olish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish agrar tarmoq raqobatbardoshligini oshirish imkoniyatini yaratadi.
Abdurazzoq Rizayev,
“Sevoltepa ravnaqi” fermer xo‘jaligi raisi,
“Mehnat shuhrati” ordeni sohibi.
O‘zA