Ilm-fan va innovatsiyalar uyg‘unligi — yuqori hosildorlik omili
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov o‘tgan hafta so‘nggida Sirdaryo viloyatida bo‘lib, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi, joriy etilgan zamonaviy agrotexnologiyalar va ilmiy yondashuvlar natijalari bilan yaqindan tanishdi. Bir qator tumanlardagi dala maydonlari, qo‘shma korxonalar va innovatsion agroloyihalar o‘rganildi.
Dastlab vazir Sirdaryo tumanidagi “Peng Sheng” O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasiga qarashli 63 gektarlik maydonda olib borilayotgan agrotexnik jarayonlarni ko‘zdan kechirdi. Bu yerda Shinjon tajribasi asosida tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan bo‘lib, suv va mineral resurslardan oqilona foydalanish hisobiga yuqori samaradorlikka erishilmoqda. Mutasaddilarga agrotexnologiyalarni takomillashtirish va mavsum davomida tizimli monitoring olib borish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Shuningdek, dala chetlarida ihota daraxtzorlari barpo etish, agroekologik barqarorlikni ta’minlash va yer unumdorligini saqlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Sayxunobod tumanidagi “Lianghe International Agro Tech” kompaniyasi faoliyati ham o‘rganildi. 60 gektarlik maydonda zamonaviy agrotexnik yondashuvlar asosida yetishtirilayotgan paxta nihollari sog‘lom rivojlanib, 5 tagacha bo‘g‘in shakllangani kuzatildi. Bu holat “Shinjon” texnologiyasining amaldagi samaradorligini yaqqol namoyon etmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Sayxunobod tumanida 3 ming gektar maydonda ham ushbu texnologiya asosida paxta yetishtirilmoqda. Bu esa hududda intensiv va innovatsion agrar yondashuvlar keng joriy etilayotganini ko‘rsatadi.

Vazir “Bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 50 gektarlik dala maydonida paxta qator oralariga zira ekilgan tajriba bilan ham tanishdi. Mazkur yondashuv yer resurslaridan samarali foydalanish bilan birga qo‘shimcha daromad manbai yaratish imkonini berishi ta’kidlandi. Ekinlarning yaxshi unib chiqqani agrobiologik uyg‘unlik to‘g‘ri tanlanganini tasdiqlamoqda.
Xovos tumanida davlat rahbarining 132-son qarori asosida tashkil etilgan “Sirdaryo agroinvest” AJ tomonidan qayta foydalanishga kiritilayotgan 13 ming gektarlik yer maydonlaridagi ishlar ham o‘rganildi. Ilgari foydalanilmay kelingan bu hududlarda bugun zamonaviy tomchilatib sug‘orish tizimi asosida, plyonka ostiga qo‘shqator usulda paxta yetishtirilmoqda.

Tizimli yondashuvlar natijasida yerlar qayta o‘zlashtirilib, suv ta’minoti cheklangan hududlarda ham barqaror hosildorlikka erishish imkoni yaratilmoqda. Vazir ekinlarning rivojlanishini doimiy nazorat qilish, agrotexnik tadbirlarni qat’iy me’yor asosida olib borish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Oqoltin tumanidagi “Bobur qishloq xo‘jaligi” MCHJ dala maydonida ham ilg‘or agrotexnologiyalar sinovi o‘rganildi. 22 gektar maydonda “Shinjon texnologiyasi” asosida paxta yetishtirilib, turli agrotexnik usullar qiyosiy tahlil qilinmoqda.
Xususan, “stom” preparati qo‘llangan maydonlarda begona o‘tlar keskin kamaygani, preparat qo‘llanilmagan qismlarda esa ularning faol o‘sishi kuzatilgani ma’lum bo‘ldi. Shu bilan birga, plyonka qalinligi bo‘yicha belgilangan me’yorlarga to‘liq rioya etilmagan holat tanqidiy baholandi.
Vazir barcha agrotexnik jarayonlarda standart va ilmiy asoslangan talablarga qat’iy amal qilish, zamonaviy texnologiyalarni to‘liq joriy etish hamda kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish zarurligini ta’kidladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri