Ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shaman
Mamlakatimizda yoshlarning o‘qib, puxta bilim olishi, o‘z iqtidor va salohiyatini namoyon etishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shu bois ham keyingi yillarda nafaqat yurtimiz, balki xalqaro miqyosdagi turli tanlovlar, fan olimpiadalarida g‘olib bo‘layotgan yoshlar safi kengaymoqda.
Ilm-fan yo‘nalishida yuqori natijalarga erishayotgan yoshlardan biri Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiyalar universitetining Toshkent filiali talabasi Durdona Muxtorxo‘jayevadir. Endigina o‘zining o‘n to‘qqiz yoshini qarshi olayotgan andijonlik Durdona Muxtorxo‘jayeva kimyo fani bo‘yicha o‘tkazilgan ko‘plab ilmiy anjumanlar, xalqaro fan olimpiadalarida ishtirok etib, yurtimiz sharafini munosib himoya qildi. Durdona kimyo fani bo‘yicha yuksak bilim va salohiyatini namoyon etib, ushbu fan bo‘yicha o‘tkazilgan olimpiadalarda yuqori natijalarga erishib, O‘zbekiston terma jamoasi safiga qabul qilingan. U maktabda, keyin esa universitetdagi o‘qishi davomida 6-xalqaro ChemiCo, Mega talant xalqaro olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan. Shuningdek, Vengriya davlatida bo‘lib o‘tgan 55- Mendeleyev nomidagi xalqaro kimyo olimpiadasida kumush, Yaponiyada o‘tkazilgan 53 – jahon kimyo olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritib, O‘zbekiston sharafini yuksaklarga ko‘tardi, o‘zbek yoshlari ilm-fan sohasida ham hech kimdan kam emasligini namoyish etdi. Ayni kunda Durdona kimyo fanidan “Uch va tetrakorbonil birikmalarining sintezi, tuzilishi, nukleofil reagentlar bilan reaksiyalar va metall tuzlari bilan komplekslanishi” mavzusida ilmiy ish olib borish bilan birga, o‘quvchilarni kimyo fanidan xalqaro va jahon olimpiadalariga tayyorlamoqda.
Ta’kidlash kerakki, o‘tgan yili Durdonaning uch nafar o‘quvchisi xalqaro olimpiadalarda sovrindor bo‘ldi. Jumladan, Shahzoda Hakimova 18- xalqaro yoshlar tabiiy fanlar bo‘yicha o‘tkazilgan olimpiadada bronza medalini, Azizbek Nazirov 56- xalqaro Mendeleyev olimpiadasida bronza medalini, Ikromiddin Boymahammadov 54- Jahon olimpiadasida kumush medalni qo‘lga kiritdi. Durdona Muxtorxo‘jayevaning erishgan yutuqlari e’tirof etilib, u O‘zbekiston Respublikasi Innovatsiya, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklarining faxriy yorliq, tashakkurnomalari, shuningdek, “O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Bu yil Durdonaning hayotida yana bir unutilmas voqea yuz berdi. U mamlakatimizning eng iqtidorli qizlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish uchun ta’sis etilgan Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasiga aylandi.
Prezidentimizning tegishli farmoni bilan Durdona Muxtorxo‘jayeva mazkur tanlovning fan yo‘nalishida Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Ilm-fan yo‘lida yuksak natijalarni zabt etib kelayotgan yosh olimaning orzulari bir olam.
– Bugun yurtimizda biz yoshlarga keng imkoniyatlar eshigi ochib berilgan, – deydi Durdona Muxtorxo‘jayeva. – Buning uchun yurtboshimizdan minnatdormiz. Bundan buyon ham yurtboshimiz e’tibori, ishonchini oqlashga, mamlakatimiz ilm-fani rivojiga munosib hissa qo‘shishga harakat qilaman. Kelgusida ilmiy ishlarim, o‘quvchilarimning xalqaro kimyo olimpiadalaridagi ishtiroki bilan o‘zbek yoshlari ilm-fanda dunyoning biror bir davlati yoshlaridan kam emasligini ko‘rsatishga harakat qilaman.
Iqtidorli, tashabbuskor, maqsad va niyatlari ulug‘, qalbida ertangi kunga qat’iy ishonch mujassam olima qiz kelgusida albatta, o‘z maqsadlariga erishadi, yurtimiz ilm-fani rivojiga munosib hissa qo‘shadi.
Faxriddin Ubaydullayev,
A’lo Abdullayev (foto), O‘zA