Ilm “dardi”ga chalingan va ilm bilan “og‘rigan” inson...
O‘mon Sultonligining yetakchi gazetasi “Asdaa Oman” shogirdim t.f.n. Muslim Atayevning arab tilidagi “Imom al-Ustrushaniy va uning ilmiy merosi” nomli maqolasini e’lon qildi.
“Imom al-Ustrushaniy va uning ilmiy merosi” maqolasi haqida gapirilar ekan, mazkur maqolani uning muallifidan ayri holda ko‘rib bo‘lmaydi. Bu o‘rinda maqola muallifi, uning shaxsini ham e’tiborga olish joiz bo‘ladi. Tadqiqotchi sifatida Muslimga xos bo‘lgan bosh xususiyat shundaki, u umrini qadimgi ustrushan, ya’ni Jizzax deb atalgan makonning alloma zotlarini topish, ularning amalga oshirgan ishlarini hozirgi avlodlarga yetkazish, xususan, Majduddin al-Ustrushaniy hayoti va ilmiy merosini qayta tiklash ishiga bus-butun baxshida etgan inson, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Mazkur maqolaning yutug‘i shundaki, mavjud ilmiy xulosalar misqollab yig‘ilgan juda katta statistik dalillar asosida jamlangan. Imom Ustrushaniy hazratlarining merosini ilmiy o‘rganish olimning butun fikri va zikrini batamom egallab olgan.
Muslim ilmiy o‘rganish davrida o‘zidagi mavjud ehtiyojlarini umuman unutib qo‘yadi, maqsadga butun vujudi bilan kirishib ketadi. Aslida Muslimning haqiqiy hayoti Ustrushaniy va uning davrida kechadi. Muslim ilm “dardi”ga haqiqiy chalingan, ilm bilan “og‘rigan” inson. Muslim uchun nima yeyapti, nima kiyyapti – umuman ahamiyat kasb etmaydi. Iloji bo‘lsa, uxlamaydi, dam olmaydi. Uning fikrida faqat mana shunday ulug‘ islom allomalarini qidirib topish, ularning nomlarini qayta tiklash yashaydi.
Muslim uchun uning qilgan xizmatlari bir oddiy banda sifatida o‘z e’tiqodi, Yaratgan oldidagi majburiyatini bajarish, xolos. Shuning uchun Muslim charchamay ishlaydi. Shu jihatdan Muslimni betakror va fidoyi, mavzusi ichiga “mukkasidan ketgan” tadqiqotchi, deyish to‘g‘ri bo‘ladi.
Muslim Atayev faqih Majduddin al-Ustrushaniy hayoti va faoliyatini tarixiy manbalar asosida o‘rgandi, tarixiy ma’lumotlarni tartibga soldi va tizimlashtirdi, ularni o‘zaro qiyosiy tahlildan o‘tkazdi.
Muslimning shoshmay, ilmiy tadqiqot faoliyatining o‘zidan miriqib, turli unvonlar ketidan quvmay ishlashi tahsinga sazovordir. Xotirjam mehnat qilish har bir masalada chuqur o‘ylangan, ilmiy asoslangan xulosalar va muhimi ilm samarasi bo‘lgan bir necha nashrlarni imkoniyatini berdi.
Muslim haqiqatan ham “igna bilan quduq qazidi”. Ammo qilayotgan mehnati mana shunday samara berishini anglamay ishladi. Oxir oqibat esa ilm o‘z samaralarini berdi. U maslahat olishdan cho‘chimadi. Olimlarning eshigini qoqaverdi. Uni bunday qilishga ilm majbur qiladi. “Nima uchun shunday?”, “Nima sababdan?!” kabi savollar Muslimga tinchlik bermaydi. U axborot qidirishdan charchamaydi. Ishni puxta qiladi. Agar ishning puxtaligiga ta’sir etuvchi biror omil chiqib qolsa, erinmay uni hal etadi. Shu bois ko‘pchilik mashhur olimlarimiz Muslimning olim sifatida ulg‘ayish, o‘sish jarayonlarini yaxshi biladi va o‘z ko‘magini undan ayamaydi.
Umuman olganda Muslim Atayev so‘nggi o‘n yillik umrini Majduddin al-Ustrushaniyning ilmiy merosi, xususan “Jomiʼ ahkom as-sig‘or”, “Kitob al-fusul”, “Al-As’ila va-l-ajviba” kabi asarlarni tadqiq etishga bag‘ishladi. Hozirgi kunda Muslim Atayev O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida tayanch doktorant sifatida hurmatli olim siyosatshunoslik fanlari doktori, professor Zohidillo Munavvarov rahbarligi ostida doktorlik ishini yozmoqda.
Shayx Abdulaziz Mansur,
O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi
markazi direktori o‘rinbosari.
O‘zA