Ilg‘or maktab o‘quvchilari “Zakovat”da o‘z bilimini namoyish etdi
Toshkent shahridagi “Zakovat arena” binosida umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasidagi “Zakovat” turnirining Respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-yanvardagi “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, “Zakovat intellektual klubi” NNT, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etildi.
Yurtimiz tarixida ketma-ket beshinchi yil o‘tkazilayotgan ushbu musobaqa uch (tuman (shahar), hududiy va respublika) bosqichda bo‘lib o‘tdi.
Musobaqaning 13-17-aprel kunlari bo‘lib o‘tgan tuman (shahar) bosqichida 8 ming 174 ta maktab jamoasi va 57 ming 218 nafar o‘quvchi, 21-aprel kuni o‘tkazilgan hududiy bosqichida 624 ta jamoa hamda 4 ming 368 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.
Hududiy bosqich o‘yinlari natijasida har bir hududdan uchtadan eng kuchli jamoalar respublika bosqichi uchun saralab olindi.
[gallery-29189]
Eng kuchli 42 ta jamoa (294 nafar o‘quvchi) Toshkent shahrida g‘oliblik uchun bellashdi. Bu yil beshinchi marta o‘tkazilayotgan ushbu musobaqada yurtimiz bo‘ylab 57 ming nafardan ortiq o‘quvchi qatnashdi.
Finalda hududiy bosqichlarda g‘olib bo‘lgan 42 ta jamoa o‘zaro kuch sinashdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, birinchi o‘rin Ishtixon tumanidagi 48-sonli maktab jamoasiga nasib etdi. Ikkinchi o‘ringa Namangan shahridagi 1-sonli ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan maktab-internati jamoasi, uchinchi o‘ringa Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanidagi 1-sonli Ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan maktab-internati jamoasi sazovor bo‘ldi. Tadbir davomida g‘olib jamoalar munosib tarzda taqdirlandi.
Mazkur jamoalarning har bir a’zosiga hamda murabbiyiga qimmatbaho noutbuklar sovg‘a qilindi.
Bundan tashqari, endilikda ushbu jamoalar a’zolari oliy ta’lim muassasalariga bazaviy to‘lov kontrakt asosida imtihon sinovlarisiz qabul qilinadi.
Nazokat Usmonova,
Mumtozbegim Abdumo‘minova (surat),
O‘zA