Ikrom Otamurod ijodiga bir nazar
Mutolaa
Shoir xalqi, bir qaraganda hamma qatori oddiy odamday, bir qarasang, ilohiy yaratiqday. Ba’zan “kangul” kengliklarida sayr etib, oddiy insoniy baxtga tashna oshiqdek, ba’zida esa teran mushohadalar ilao‘zligini topishga chog‘langanfaylasufdekijod dunyosida yashashni sharaf deb biladi.Bu bilan u, bir tomondan, inson qalbidagi tuyg‘ular jilvasiga kishilar diqqatini tortsa, ikkinchi tomondan, har bir kimsaning yuragida hali tugal shakllana olmagan tuyg‘ularga, xira va tumanli hislariga nur baxsh etadi. Shu boisdan ham shoirlar zimmasida katta mas’uliyat yotadi. Kitobxon uning har bir she’ridan qalbiga yaqin, dardiga malham bo‘luvchi teran tuyg‘ularni qidiradi. Bunday asarlar kitobxon sezimlariga kuchli ta’sir etadi va ularning sevimli do‘stiga, hamrohiga aylanib qoladi. Ana shunday asarlar muallifi, mahorat va iste’dod sohiblaridan birio‘zbekning faylasuf shoiri Ikrom Otamurodдир.
Ikrom Otamurod 1951 yil 5 mayda Buyuk Ipak yo‘li chorrahasidagi ko‘hna sardobalar o‘lkasi – Qashqadaryo vohasining Kasbi tumanidagi Xo‘jakasbi qishlog‘ida tavallud topgan. Xo‘jakasbi qishlog‘i Islom olamining ma’lum va mashhur ma’rifat darg‘alaridan bo‘lmish Sulton Mir Haydar ota ziyoratgohi joylashgan kengliklar bilan tutash bo‘lib, shoirning beg‘ubor bolaligiayni shu kengliklar bag‘rida o‘tdi. O‘rta maktabni namunali hulq va a’lo baholar bilan tamomlagan bo‘lajak shoir 1969 yili Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetiga o‘qishga kiradi. 1974 yili universitetni imtiyozli diplom bilan bitirib, shu yilning o‘zida “O‘zbek sovet ensiklopediyasi” (hozirgi “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat-ilmiy nashriyoti)da mehnat faoliyatini boshlaydi. 1975 yil aprel oyidan boshlab “Sharq yulduzi” jurnalida musahhih, adabiy xodim, bo‘lim mudiri, bosh muharrir muovini sifatida xizmat qiladi. Ayni paytda she’riyat (nazm) bo‘limining mudiri lavozimida ishlab kelmoqda.
Badiiy adabiyotning yuksak darajada rivojlanishiga munosib hissasini qo‘shgan har qanday ijodkorning tarjimai holiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, dastlabki ijodiy g‘unchalarining kurtaklari inson hayotining ilk pallalari – bolalik va yoshlikning, maktab davrining beg‘ubor onlaridan boshlanganiga guvoh bo‘lamiz. Bu albatta, tabiiy hol. Shoir Ikrom Otamurodning ham o‘z “kangul” kechinmalarini, tuyg‘ularini umumlashtirib, obrazli shaklda qog‘ozga tushirishgacha bo‘lgan ilk ijodiy mashqlari ayni shu beg‘uborlik davri ichida kechdi. U ham boshqa ijodkorlar singari o‘z boshidan murakkab ijodiy izlanish davrini kechirdi, o‘z ustida tinimsiz ishladi. Natijada dastlabki she’riy to‘plami – “Vaqt ranglari” (1982), so‘ngra ketma-ketlikda nashr etilgan “Janub qushlari” (1983), “To‘rg‘ayli manzillar” (1984) kabi kitoblari ijod ahli va muxlislar e’tiborini qozondi. Shuningdek, “Ufqlar orti bepoyon” (1987), “Ruhimning qayg‘usi” (1995), “Sen” (1999), “Kanglum, o‘zing” (2002), “Tavr” (2005), “Muqaddar” (2013) kabi she’riy kitoblari shoirga katta shuhrat keltirdi.
Ikrom Otamurod she’riyatimizni o‘zining xalqona an’analarga uyg‘un holda yozilgan dostonlari bilan boyitib kelayotgan ijodkorlar sirasiga kiradi. Shoirning “Yarador umid otlari”, “Uzoqlashayotgan og‘riq”, “Sopol siniqlari”, “Ichkari...Tashqari...”, “Ictarim”,“Yobondagi yolg‘iz daraxt”, “Aning umidi”, “Xaritaga tushmagan joy”, “Muqaddar”, “Iztiror”, “Balki”,“Tag‘azzul”, “Dog‘”, “Qush”, “Tavr”, “Huviyyat”, “Ishora” singari badiiy puxta, pishiq dostonlari kitobxon va adabiy tanqid tomonidan qizg‘in kutib olindi. Bu asarlarda inson hayotining falsafiy talqini, tasvirdagi ravonlik va musiqiylik, qahramonlar xarakteridagi ko‘z ilg‘amas qatlamlarni psixologik asoslash, obrazlilikni ta’min etgan badiiy vositalar bo‘rtib turadi.
IkromOtamurodning falastin shoiri Muin Bsisuga bag‘ishlangan “Yarador umid otlari” dostoni (1986) 80-yillar o‘zbek she’riyatida muhim voqea bo‘ldi. Asar1986 yili Hamza nomidagi O‘zbek Davlat akademik drama (hozirgi O‘zbek Milliy akademik) teatrida sahnalashtirildi. Dostonda xorijlik ijodkor obrazi orqali inson qalbining po‘rtanalari, shuning- dek, shoirning mustaqillik haqidagi orzulari, ona-yurt obrazi kuchli his-hayajon bilan badiiy ifodalangan.
Ikrom Otamurodga katta shuhrat keltirgan, dovrug‘ini keng kitobxonlar ommasiga yoygan asar – “Ichkari... tashqari...” nomli dostondir.Asar insoniyatning ikki botiniy va zohiriy hayoti hamda uning falsafiy tahliliga bag‘ishlangan. Shoirnazdida inson hayotining mukammalligibu ikki hodisaning uyg‘unligiga, bir-birini to‘ldirishiga bog‘liq. Nazariyasiz amaliyot, amaliyotsiz nazariya bo‘lmaganidek, ichkarisiz tashqari, tashqarisiz ichkari bo‘lmaydi. Chunki mavjud tashqi hayotning to‘laligi, ichki hayotning mukammalligiga bog‘liq. O‘z navbatida, tashqi olam ham ichki olamga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Bu holatni shoirshunday ta’riflaydi:
Ichkari tashqariga chiqmoq istayur,
istayur tashqarida to‘luvni.
Tashqari ichkariga kirmoq istayur,
istayur ichkarida bo‘luvni.
Ichkari tashqariga chiqmoq istayur,
istayur tashqarida javobni.
Tashqari ichkariga kirmoq istayur,
istayur ichkarida tavobni.
Inson fikrlash, mulohaza qilish qobiliyatiga ega bo‘libdi-ki, tashqi olamni mukammal bilishga intiladi. Ammo unga muyassar bo‘lish osonlik bilan kechmaydi. Chunki insonning o‘zi hali-hanuz to‘liq mukammallikka, komillikka erishgani yo‘q. Zigmund Freydning fikriga ko‘ra, “...Odamzod o‘zining mohiyatini bilmaydi, yoki... bor haqiqatni tan olgisi kelmaydi. Bu borada u yo riyokorlik qiladi yoki o‘zi xususida haqiqatan ham chuqurroq tushunchaga ega emas”. Asar zamirida ayni shu haqiqat yotadi. Shundan shoir:
Tashqari – g‘ussa.
Ichkari – huvaydo.
Tashqari – nadomat.
Ichkari – gulgul.
Tashqari – shamolga sovrilar saydo.
Ichkari – ruhga to‘kilar kangul...
deydi. Bu holatni ikki ma’noda tushunish lozim. Hozirgi kunda bu ikki olam – tashqari va ichkari bir-biriga uyg‘un emas. Inson tasavvuridagi olamni tashqarida ko‘ra olmaydi. Chunki insonlar ilohiy axloq bilan yashamayapti. Qur’oni Karimda ilohiy axloq bilan yashamaydiganlar haqida shunday deyilgan: “Mol-mulk, farzandlar, dunyo hayotning ziynatidir. Robbingiz nazdida esa, boqiy qoluvchi solih amallar savobliroq va orzu qilishga loyiqroqdir”. Demak, barcha ilohiy axloq bilan yashasa, ichki va tashqi olam uyg‘un kechadi, dunyoviy olam mukammallashadi, shunda insonning amallari keng quloch yozadi. Oqibatda inson dunyoviy saodatga erishadi.
Adibning “Uzoqlashayotgan og‘riq” dostoni1990yilda yozildi. Asar adabiy jarayonda jiddiy voqea sifatida e’tirof etildi. Unda шоир falsafiy mushohada bilan yo‘g‘rilgan o‘z she’riy uslubiga sodiq qolib, zamondoshlarimizni tobora tark etib borayotgan e’tiqod, burch, insoniylik kabi tushunchalarni qalb tug‘yoni, vijdon azobi, yurak qoni bilan badiiy talqin etadi. Shu jihatdan,mazkur asarzamonaviy dostonchiligimiz tadrijiga qo‘shilgan yana bir ulush sifatida baholandi.
Ma’lumki,san’at, shu jumladan, so‘z san’ati – adabiyot ham kishilarning ongiga his orqali – yurak orqali ta’sir qiladi... Yozuvchi o‘zi his qilmagan narsa to‘g‘risida yozsa, buni o‘qigan o‘quvchi ham hech narsani his qilolmaydi. O‘quvchining qalbiga ta’sir qilmagan narsaning adabiyotga hech tegishliligi yo‘q. Betakror badiiyatning bosh manbalaridan biri sifatida ko‘zga tashlanuvchituyg‘ular teranligi shoir Ikrom Otamurod ijodining o‘ziga xos xususiyatini belgilovchi omillardan hisoblanadi.
Uning “Sopol siniqlari” nomli dostoni falsafiy umumlashmalarga boyligi, g‘oyaviy-badiiy pishiqligi bilan ajralib turadi.
Asar 1994 yilda yozilgan bo‘lib, unda shoir iste’dodi yanada ochiq ko‘rinadi. Doston syujeti voqealar emas, tuyg‘ular asosiga qurilgan. Shoir badiiy tasvir vositalardan mohirona foydalanish san’ati orqali hayotdagi voqelikni falsafiy tasvirlashda o‘ziga xos individual izlanishni namoyon etadi.Zukko kitobxon mutolaa jarayonida asarqahramonining falsafiy mushohadasida, xotiralarida, dardlarida insoniyatning o‘rnini, yurtning boshiga tushgan kulfatlarini anglay boradi.Eng muhimi dunyo deb atalmish borliq voqea-hodisalaridan iztirobga tushgan qalb tebranishlarini his qiladi. Asarda shoir ramziy tasvirlarga keng o‘rin beradi va o‘z navbatida bu tasvirlarga katta g‘oyaviy-badiiy vazifa yuklaydi. Voqelik Holat va Rang deb nomlangan qismlar orqali tasvirlanadi. Holatlar, o‘z navbatida, mumtoz adabiyotimiz sahifalaridan keng o‘rin olgan maqolat va hikoyat kabi namunalarni yodga soladi.
Ma’lumki, maqolat nazariy yo‘nalishda bo‘lsa, hikoyatda o‘sha yo‘nalishlar amaliyotda o‘z ifodasini topadi. Mazkur dostonda Holatda falsafiy-nazariy yo‘nalishda hayot haqiqati ochib berilsa, Rangda esa kechagi va bugungi hayot manzaralari o‘z ifodasini topadi. Holatda shoir yozadi:
...Odam bolasi
bir xil hayot tarzidan,
qachondirkim bo‘lmasin, zerikadi.
Zerikish-
Boshqa shaklning istagi...
Ruhiyatda sodir bo‘lgan bu hodisa –
Yangi royishni,
...Sog‘inib yashaydi...
notanish manzillarni...
Har qandayin portlash, Avvalambor,
Odam bolasining ruhiyatida kechadi...
Yuragida tomirotadi...so‘ng,
keng maydonga qo‘nadi.
Shoir o‘ziga xos obrazli vositalardan, ixcham o‘xshatish va ramzlardan, mumtoz adabiyotimiz va xalq rivoyatlaridagi an’analardan foydalanib, Holat va Rang timsollarida zamondoshlarimizga mustaqillikning qadriga yetish va uni qadrlash g‘oyasini uqtiradi.
Ikrom Otamurodning keyingi yillarda yaratgan dostonlarida lirik holat ustuvorlik qiladi. Buning sababi avvalgi asarlaridagi kabi ijtimoiy motivlar yetakchiligi emas, balki insoniy muammo, munosabat, xususiyatlarga e’tiborni qaratishidir. Yanada aniqroq aytsak, shoirning G‘arb falsafasiga emas, Sharq falsafasi asosiga suyanishi bilan bog‘lash mumkin.
Sharq falsafasi asosida esa dunyodagi barcha ezguliklar zaminini ma’naviyat, axloq va aqlning uyg‘unligida ko‘rish hamda uni asoslash yotadi. Konfutsiyning fikricha: “Agar yerdagi hayot yomon bo‘lsa, inson osmonga emas, balki o‘z qalbiga, vijdoniga nazar tashlashi kerak...Odamlar seni bilmasliklaridan g‘am chekma, o‘zingodamlarni bilmasligingdan g‘am chek...”. Shoirning“Yobondagi yolg‘iz daraxt” dostoni zamirida ayni shu falsafiyhaqiqatning badiiy ifodasi mujassamlashgan.Doston voqealarining vaqt va makoni haqida shoir shunday yozadi:
... Yobon cheksiz...
Masofa – UMID...
Masofa – XOTIRA ...
UMID – XOTIRA tufrog‘i...
XOTIRA – UMID tomiri ...
UMID charchab yiqilgan
Masofada
Ko‘kara boshlaydi
XOTIRA...
... Yobon cheksiz ...
Dostonni o‘qish davomida shoir bu tasvirni bekorga keltirmagani, unda ijodkorning maqsadi mujassamligi anglanadi. Makon tasviri ramziylikka ega, ya’ni Masofa – UMID maqsadga yetkazuvchi, saodatga sazovor qiluvchidir. Unga soflik, poklik, diyonat, ma’naviyat va yuksak axloqbilan erishiladi. UMID – XOTIRA tufrog‘i...XOTIRA – UMID tomiri ...kabilar qachondir vaqt ham to‘xtashi, hukmini o‘tkaza olmasligini, makon uchun esa ilojsiz qolishi hamda daraxt qadim xotira, ajdodlardan qolgan ma’naviy qadriyat, faqat ugina olamda, cho‘ldagi yolg‘iz daraxtdek kishilarni asrab qolishini ta’kidlaydi. XOTIRAning ko‘kara boshlashi ham bekorga tilga olinmagan. Unda tarix tirikligiga va undan saboq olishga ramziy ishora yashirin.
Shoir o‘z xayolot olamida o‘zini erkin his qilmas ekan, uning she’rlari bir muddatgina yashab, axiyri, tanazzulga yuz tutmog‘i ayon haqiqat. Ikrom Otamurod o‘z ruhiy kechinmalarini maddohlik qilmay, yaltoqlanmay, bezab-bejamay, ochiq-oydin – erkin ifodalaydi. Bu hol uning chinakam shoirligidan nishonadir.
Ikrom Otamurodning, ayniqsa, poemalari mutlaqo o‘zgacha, doston-monolog tarzida yozilganligi bilan farqlanib turadi. Voqealar bayoni uchinchi, to‘rtinchi, balki undan ham keyingi o‘rinlarda turadi. Yana bir jihat, shoir barmoq vaznida ham, erkin (sarbast) vaznida ham birday samarali ijod qiladi.Siqiq va qisqalikshoir she’riy uslubiga xoslik bag‘ishlaydi. Bu hol, ayniqsa “Taajjub shakllari”da yana-da bo‘rtibturadi. Ularning ko‘pchiligi, asosan, ikki, uch, to‘rt va undan ortiq misrali shakllardir:
Sen lovullab turgan laxcha cho‘g‘,
qo‘llarimga olov sapchir
silasam agar.
Yoki matematik amallar qatnashgan misralarni ham uchratish mumkin:
Kelish –
ketishning qaytuvi...
Ketish –
kelishning qaytuvi...
Qaytuv=kelish+ketish...
kabi misralar she’rxonni beixtiyor mulohazaga undaydi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, Sharq falsafasining samarali ta’siri natijasida shoir badiiy tasvir vositalardan mohirona foydalanish san’ati orqali hayotdagi voqelikni falsafiy tasvirlashda o‘ziga xos individual izlanishni namoyon etmoqda. Shoir yozadi:
Kambag‘alning
hech bo‘lmaganda,
bittagina do‘sti bor
sodiq –
qambag‘allik.
Boyvachchada shu ham yo‘q.
Afsus!..
Afsus!..
Aslida ushbu misralar – shoir o‘zligining ifodasi. Bunday so‘zlarni shoir shunchaki yozishi mumkin emas.Ustozadib Abdulla Qahhor: “Agar yozuvchining axloq kodeksi tuziladigan bo‘lsa, men halollik bilan jasoratni birinchi modda qilib qo‘yar edim, chunki yozuvchining boshqa hamma xislatlari uning qay darajada halol, naqadar shijoatli ekaniga bog‘liqdir”, – deb yozgan edi. Tabiatan shunday xarakterga ega bo‘lgan ijodkorgina bu kabi sifatlarni ilg‘aydi, ularga nom topadi va so‘z bilan ifodalay biladi.Shu ma’noda, Ikrom Otamurod ijodi behad keng olam. Bu olam mo‘’jaz so‘z talqinidabehad ko‘rkam!
She’r – iste’dod mahsuli, ko‘ngil mulki. Olamni shoirona idrok etolmaydigan, uning boshqalarga noma’lum jihatlarini ko‘ra olmaydigan kishi shoir bo‘lolmaydi. Ikrom Otamurod hayotda ham shoir odam. Hatto yo‘l-yo‘lakay suhbatlarda ham, yo biron tadbir-anjumanda ham shunchaki jo‘n, yengil so‘zlamaydi. Har bir so‘zini mulohaza tarozisida tortib – obdon o‘ylab, shoshmasdan, ohangini topib, mag‘zini chaqib, “kangul”dan chiqarib aytadi. Bu fazilat uning hatto tarjima asarlariga-da singib ketgan. Shu ma’noda adibning tarjima san’atidagi xizmatlari ham ibratlidir.O‘zbek kitobxonlari shoir-tarjimon Ikrom Otamurodning katta ijodiy mehnati tufayli Mahmud Darvish, Muin Bsisu, Uold Uitmen, Pablo Neruda, O‘ljas Sulaymon, Yevgeniy Yevtushenko kabi shoirlarning she’r va dostonlarini o‘z ona tilida o‘qishga muyassar bo‘ldi. Ikrom Otamurod tarjimalarida asl nusxaning asosiy xususiyatlari, undagi milliy ruh to‘liq saqlanganligi bilan diqqatga sazovordir. Ayni paytda sevimli shoirimiz Ikrom Otamurodning ham she’r va dostonlari arab, turk, bulg‘or, rus, ukrain, moldovan, ozarbayjon, qozoq, qirg‘iz, tojik, gruzin tillariga tarjima qilingan.
Adib faoliyati “Sharq yulduzi” jurnalibilan chambarchas bog‘liq. Mana,qariyib50 yildirki, shoir o‘z ijodinimazkur qutlug‘ dargoh bilan bog‘liq holda olib boradi.El ardog‘idagi shoir Ikrom Otamurod davlatimizning yuksak mukofotlari – “Do‘stlik” ordeni hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi unvoni bilan taqdirlangan.
Xulosa qilib aytganda, Ikrom Otamurod tom ma’nodagi xalqchil va o‘ziga xos milliy shoirdir. Har bir misrani mazmundor, ravon va obrazli qilib yaratish, har bir so‘z va iborani o‘z o‘rnida, aniq bir maqsadni ko‘zlab ishlatish Ikrom Otamurod uslubiga xos asosiy xususiyatdir. Mazmun aniqligi, ifoda tiniqligi, falsafiy mushohada teranligi, qalb harorati, go‘zal tasvir va serjilo til boyligi Ikrom Otamurodijodining xarakterli belgilarini tashkil etadi. Muhimi, shoirning samarali mehnati natijasida yaratilgan asarlari kitobxonlar qalbidan joy olgan. Undao‘zbek xalqining ruhiyati, orzu-o‘ylari ishonarli tarzda ifoda etilgan. Shoir asarlarining badiiy-estetik va ma’rifiy-tarbiyaviy ahamiyati ham shundadir.
Salima Jumayeva.
Qarshi Davlat universiteti
adabiyotshunoslik kafedrasi dotsenti,
filologiya fanlari nomzodi.
O‘zA