Ikkita bank va mikromoliya tashkilotiga jarima qo‘llanildi
Markaziy bank huzuridagi Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan 2026-yil aprel oyida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda bank va moliya sektorining barqaror faoliyati, qonunchilik talablariga rioya etilishi hamda kredit tashkilotlari faoliyati bilan bog‘liq qator masalalar ko‘rib chiqildi.
Markaziy bank matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, aprel oyi davomida jami 6 ta yig‘ilish o‘tkazilib, 30 ta masala muhokama qilingan. Ulardan asosiy qismi ro‘yxatga olish va ruxsat berish jarayonlari bilan bog‘liq bo‘lib, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, ustav fondidagi ulushlarga egalik qilish uchun ruxsat berish hamda audit o‘tkazish huquqi bo‘yicha auditorlik sertifikatlarini taqdim etish kabi masalalarni qamrab olgan.
Shuningdek, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari, shu bilan birga muhim ahamiyatga ega xodimlar nomzodlari bo‘yicha 15 ta masala ham atroflicha ko‘rib chiqilgan.
Qo‘mita yig‘ilishlarida kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga doir masalalar muhokama qilingan. Xususan, Markaziy bank ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlar talablariga rioya etilishi, bank hamda nobank kredit tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya va o‘rganishlar natijalari tahlil qilingan.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, amaldagi qonunchilik talablariga to‘liq rioya etmagani hamda tekshiruvlar jarayonida aniqlangan kamchiliklar sababli ikkita bank va ikkita mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanilgan.
Ayni paytda regulyator jarima qo‘llangan moliya tashkilotlari nomini ochiqlamagan.
Ekspertlarning fikricha, bank-moliya tizimida nazorat mexanizmlarining kuchaytirilishi moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, mijozlar manfaatlarini himoya qilish hamda sektorda shaffoflikni oshirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank joriy yil mart oyida ham qonunbuzilishlar va jiddiy kamchiliklar sababli 188 ta kredit tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalarini qo‘llagan edi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA
--0--