Ikki tilda so‘zlashuvchi bir xalq
Uzoq yillarga borib taqaladigan o‘zbek va tojik xalqlarining do‘stona munosabatlari 2017 yildan so‘ng yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi. O‘tgan qisqa davrda aholi uchun chegaralarning ochilganligi, o‘zaro savdo-sotiq munosabatlarining izchillashgani, madaniy va ilmiy yo‘nalishdagi ikki tomonlama hamkorlikning jadallashuvi – amalga oshirilgan ulkan islohotlarning bir qismi, xolos.
Bularning barchasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi, xayrixohligi va mustahkam qo‘shnichilik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish borasidagi shaxsiy sa’y-harakatlari natijasidir.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida imzolangan kelishuv va shartnomalar ham mazkur yo‘nalishdagi amalga oshirilayotgan xayrli ishlarning mantiqiy davomi bo‘ladi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ishonamizki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan barcha ezgu ishlar istiqbolda o‘zbek-tojik xalqlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar yanada yaxshilanishiga, o‘zaro hamkorlik esa har ikki xalq manfaatlariga xizmat qilishiga muhim turtki beradi.
Maxsud Muxammedov,
O‘zbekiston “Milliy Tiklanish” demokratik
partiyasi Buxoro viloyati kengashi raisi