Ikki sotix yerdan 200 million so‘m daromad
Farg‘ona viloyatida tomorqachilikda o‘ziga xos maktab yaratib, yaxshi daromad topayotgan oilalar juda ko‘p. Oltiariq, Rishton, Beshariq, Quva singari tumanlar qishloqlarida ko‘plab oilalar kaftdek yerdan samarali foydalanib, oilasini farovon qilmoqda, bozorni arzon va sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlamoqda.
Bag‘dod tumanida istiqomat qiluvchi Shuhratjon Xursanov o‘z tomorqasida Niderlandiya lolasini parvarishlashni yo‘lga qo‘ydi. Shu maqsadda ikki sotix maydonda issiqxona tashkil etib, Niderlandiyadan keltirilgan 25 turdagi lola piyozchalarini gidroponika usulida yetishtirmoqda. Bu usulda urug‘ tuproqqa emas, suvga ekiladi hamda uzoq masofalarga tashishga yaroqli bo‘ladi.

–Shu kunlarda dastlabki hosilni yig‘ishtirib olib, xorijga eksport qilishni boshladik, –deydi Sh. Xursanov.–To‘g‘ri, gulchilikning xarajati katta, ammo daromadi ham shunga yarasha bo‘ladi. Ikki yuz million so‘mga yaqin daromad oldik. Hozir ushbu faoliyatni kengroq miqyosda rivojlantirish uchun yangi biznes-reja tayyorlayapmiz.

Beshariq tumani “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Shuhratjon Xo‘jaqulov xonadonidagi issiqxonada turfa gullar yetishtirilmoqda.
U 10 sotix maydonda 510 million so‘m mablag‘ sarf etib, issiqxona barpo etdi. Bugun ushbu issiqxonada 100 xildan ortiq gul ko‘chatlari parvarish qilinmoqda. 20 nafar mahalladoshi ish bilan ta’minlandi.

O‘tgan yili 6 sotix joyda yetishtirilgan gul ko‘chatlaridan 300 million so‘m sof daromad olindi. Gullar viloyatlarga, qo‘shni Tojikistonga ham yetkazib berilmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri