Ikki oliygoh litseylarida “Atom sinflari” tashkil etiladi
Mamlakatimizda atom energetikasi sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlashning uzluksiz tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.
“O‘zatom” agentligi axborot xizmatiga ko‘ra, “MIFI” MTU Toshkent filiali I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti filiali qoshidagi akademik litsey hamda "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" milliy tadqiqot universiteti qoshidagi “International House-Tashkent” akademik litseyi bilan hamkorlik memorandumlarini imzoladi.
Ushbu kelishuvlarga muvofiq, har ikki litseyda ixtisoslashtirilgan “Atom sinflari” tashkil etiladi.

Mazkur sinflarda o‘quvchilar fizika, matematika va informatika fanlarini chuqur o‘rganadi, atom energetikasining zamonaviy texnologiyalari bilan tanishadi hamda soha mutaxassislari ishtirokidagi mashg‘ulotlarda qatnashadi.
Shuningdek, yoshlar “MIFI” MTU Toshkent filialiga o‘qishga kirish uchun maqsadli tayyorgarlik ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tashabbusning asosiy maqsadi esa yoshlarni maktab davridanoq atom energetikasi sohasiga yo‘naltirish, kelajakda O‘zbekiston atom sanoati uchun malakali kadrlar tayyorlash va uzluksiz ta’lim tizimini shakllantirishga qaratilgan.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA