Ikki eng aziz ne’mat bor, ko‘plar uning qadriga yetmaydi...
Odatda tinchlik so‘zi kishini bezovta qilmaslikni, holatlarning tinch va osoyishta, urush-janjalsizligini, hayot va turmush tizimi bir me’yorida bo‘lishligini ifoda etadi.
Oilada tinchlik va osoyishtalik hukm sursa, bardavom va mustahkam, el-yurtda tinchlik va osoyishtalik davom etsa, mamlakat taraqqiyoti, farovonligi, yurt ahlining turmushi obod bo‘ladi. Bularni aks ettiruvchi muqaddas qadriyatlarimiz, milliy urf-odat va rasm-rusumlarimiz, dinimiz bevosita xotirjamlik silsilasiga uzviy bog‘liqdir.
Darhaqiqat, Alloh asrasin, oila va yurt notinch bo‘lsa, to‘y-tomosha, ko‘ngilxushlik, hazil-mutoyiba, hayot lazzatini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Inson biror luqmani xotirjam yutmaydi, har qanday koshona uy-joy, mol-mulk, bola-chaqa inson tanasiga og‘irlik qiladi. Aytishlaricha, notinchlik, urush sababidan oxirgi besh ming yilda uch milliarddan ziyod odam hayotdan ko‘z yumgan.
Urushlar sababidan mehr-oqibat, insoniylik unutiladi, har qanday ezgu amallar, ulug‘ maqsadlar poyoniga yetmaydi. Yer qanchalik keng bo‘lmasin, shunchalar tor va ziq ko‘rinishga mubtalo bo‘ladi.
Muqaddas dinimiz dasturi bo‘lmish Qur’on oyatlarida tinchlik-osoyishtalikka katta e’tibor qaratilib, Alloh taolo: «Qachon (Biz) insonga (tinchlik, salomatlik, farovonlikni) in’om etsak, u (shukr qilishdan) yuz o‘girib, o‘z holicha ketur. Qachon unga (xastalik, kambag‘allik kabi) biror yomonlik yetsa, noumid bo‘lur» (Isro, 83) deb, tinchlik-osoyishtalik to‘g‘risida marhamat qiladi.
Alloh taolo bandalarini o‘zaro ittifoqlikda, ahillikda, tinchlik-omonlikda yashashga da’vat etib: «Agar mo‘minlardan ikki toifa o‘zaro urishib qolsalar, darhol ular o‘rtasini isloh etingiz!» (Hujurot, 9) degan insonparvarlik tamoyilini yaratishga chaqiradi.
Ibn Abbos (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda aytilganidek, «Ikki eng aziz ne’mat boru, ko‘plar buning qadriga yetishmaydi, bular salomatlik va tinchlik-xotirjamlikdir» (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyati).
Demak, dunyoda hayotning bir maromda davom etishi, xalqning Haq taolo buyurgan ishlarini mukammal va xotirjam ado etishlari uchun tinchlik va osoyishtalik lozim. Yaratgan Parvardigor Qur’oni karimda ana shu tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, Islom dini tinchlikka targ‘ib qilishini, shaytoniy yo‘llarga ergashmaslik lozimligini ta’kidlab, bunday deydi: «Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir» (Baqara, 208).
Islom dini inson uchun tinchlik va omonlik dinidir. Alloh taoloning ismlaridan biri «As-Salom»dir. Qur’on nozil bo‘lgan kecha ham salom kechasidir. Bu haqda Alloh taolo kalomi sharifida: «U (kecha) to tong otgunicha salomatlikdir», deydi (Qadr, 5).
Dinimizning tinchlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta bo‘lishi bilan bir qatorda bag‘rikenglik uning negizidir. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanligini o‘ylab ko‘rish bilan his etadi.
Tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning buyuk ilohiy ne’matlaridan biridir.
Shunday ekan, insonlar nafaqat mavjud tinchlikning qadriga yetib, shukrini ado etishlari, balki unga noshukrlik qilib putur yetkazishdan ham saqlanishlari lozim. Shuning uchun ham Payg‘ambar alayhissalom, eng avvalo, inson dunyo va oxiratda tinch-omon bo‘lishlikni so‘rab, duo qilishlik to‘g‘risida Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: «Ey, Parvardigor! Dunyo va oxiratda tinch va omonda qilgin» deb qilingan duodan ko‘ra afzalroq duo yo‘qdir», dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Aynan shu mazmunni Anas roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “(Ey, Anas!) Alloh taolodan dunyo va oxiratda tinch va omonda bo‘lishlikni so‘ragin. Zero, senga dunyo va oxiratda tinch va omonda bo‘lishlik berilsa, najot topibsan», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Shunday ekan, Yaratgandan bir-birimizga tinchlik, amniyat, xotirjamlik tilaylik!
Umrzoq Tojiqulov,
«Ko‘kaldosh» o‘rta maxsus bilim yurti bitiruvchisi