Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga Sog‘liqni saqlash vazirligi munosabat bildirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda davlatimiz rahbarining o‘tgan yil noyabr oyidagi tegishli qarori asosida tibbiyot xodimlariga bir qator imtiyozlar berilgani, biroq yaqinda bo‘lib o‘tgan taqdimotda bu yangi taklif sifatida taqdim qilingani yuzasidan turli asossiz fikr-mulohazalar tarqaldi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ushbu holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi:
"Prezidentimizning 2025-yil 9-noyabrdagi "Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida"gi qarorida soha xodimlarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim imtiyozlar belgilangan.
Ushbu imtiyozlarni amalda adolatli, ochiq va shaffof tarzda qo‘llash uchun arizalarni qabul qilish, talabgorlarni saralash, ustuvorlikni belgilash, mablag‘ ajratish hamda natijalarni monitoring qilishning yagona axborotlashtirilgan mexanizmini shakllantirish talab etiladi.
Shu bois vazirlik tomonidan qarorda belgilangan ipoteka va kontrakt to‘lovining bir qismini qoplab berishni elektron tartibda, aniq mezonlar asosida amalga oshirish bo‘yicha takliflar tayyorlanib, Davlat rahbariga axborot berildi.
Bu orqali Prezident qarorida ko‘zda tutilgan imtiyozlarni inson omilisiz, shaffof va adolatli tarzda, tegishli vazirlik va idoralarning elektron platforma tizimlari orqali integratsiyalashtirilgan tartibda qo‘llash maqsad qilingan. Unda yangi mexanizmni joriy etish bosqichlari, murojaat qilish tartibi va tanlov mezonlari aniq belgilangan. Bu esa kelgusida turli korrupsion holatlarning oldini olish bilan birga, belgilangan imtiyozlarning haqiqiy egalariga yetib borishiga xizmat qiladi.
Shu ma’noda, Prezident huzurida tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga berilgan imtiyozlar takror taqdim etilmadi. Balki ana shu imtiyozlarni shaffof va adolatli, korrupsiyadan xoli tarzda qo‘llashga doir mexanizmlar yaratilganligi xususida axborot berildi.
Yaqin kunlarda ushbu mexanizmlarni tartibga solishga qaratilgan Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilinishi ko‘zda tutilmoqda".
M.Qosimova,
O‘zA