Ijtimoiy soha inshootlari qurilishi nazoratda
Qaror va ijro
Nurafshon shahrida Prezidentimizning 2023 yil 25 dekabrdagi "2024-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, sektorlar rahbarlari, tegishli boshqarma mas’ullari va quruvchi tashkilotlar vakillari qatnashgan tadbirda asosiy e’tibor viloyatdagi umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim ob’ektlari tender savdosida g‘olib bo‘lgan quruvchi tashkilotlarining amalga oshirayotgan ishlari natijasiga qaratildi.
Joriy yilda tuman va shaharlardagi 39 ta ob’ektda qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Mazkur ishlar uchun 231 milliard 226 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda. Yana 11 ta ob’ekt bo‘yicha yaqin kunlarda tender tanlovlari o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, Investitsiya dasturi doirasida 45 ta umumta’lim maktabida qurilish-ta’mirlash ishlari olib boriladi. Zarur moddiy- texnik vositalar bilan ta’minlanishi natijada qo‘shimcha 14 ming 764 nafar o‘quvchi uchun o‘quv o‘rni yaratiladi.

Yig‘ilishda loyihachi hamda pudratchi tashkilotlar rahbarlariga belgilangan muddatlarda ob’ektlarni sifatli topshirish bo‘yicha vazifalar yuklandi. O‘z navbatida Prezidentimiz qarori bo‘yicha tuman va shahar, hududlar darajasida belgilangan dasturning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli ijro etilishi lozimligi borasida mas’ullar ogohlantirildi.

Bunda ajratilgan mablag‘larning maqsadli va samarali sarflanishi, qurilish-pudrat ishlari sifatli bajarilishi nazoratga olingani aytib o‘tildi. Shu kunlarda huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar tomonidan ham davlat dasturlarida belgilangan qurilish ob’ektlarining muddatida va sifatli topshirilishi ustidan nazorat tadbirlari olib borilyapti.
A.Musayev, O‘zA muxbiri