Ijtimoiy sheriklik mustahkamlanmoqda
Andijonda ayollarga ko‘rsatiladigan xizmatlar borasida ijtimoiy sheriklikning rolini oshirish masalasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Andijonda ayollarga ko‘rsatiladigan xizmatlar borasida ijtimoiy sheriklikning rolini oshirish masalasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.Viloyat adliya, ichki ishlar, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boshqarmalari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Tadbirkor ayol” uyushmasi viloyat bo‘limlari mutaxassislari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish, huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida ijtimoiy sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Viloyatda amalga oshirilayotgan “Ayollar uchun yagona ijtimoiy xizmatlar oynasi” loyihasi doirasida bajarilishi belgilangan ishlar, ijtimoiy sheriklik tamoyillari asosida ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini ta’minlash, bu borada hamkor tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish, xotin-qizlarga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar tizimini takomillashtirish masalalari xususida fikr almashildi.
– “Ayollar uchun yagona ijtimoiy xizmatlar oynasi” loyihasi opa-singillarimizga qator yo‘nalishlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatish imkoniyatini kengaytirdi, – deydi Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazining Andijon viloyati bo‘limi rahbari Hilola Boltaboyeva. – Markazimizda tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan va mazkur yo‘nalishda ish boshlash istagida bo‘lgan xotin-qizlarga biznes-reja tuzish, moliyaviy hisob-kitob yuritish, bozorni o‘rganish, kredit olish tartiblari bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatilib, zarur maslahat va tavsiyalar berilmoqda.