Ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 720 mingdan oshdi
2025 yilning 1 oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni jami 721 ming 3 nafarni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich mamlakatda ijtimoiy himoya tizimining qanchalik keng qamrovli ekanini ko‘rsatadi.
170 ming 347 nafar nogironligi bor 18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolarga bolalar nafaqasi berilishi ularning oilalariga qo‘shimcha moddiy yordam sifatida bolalarning o‘sishi, ta’lim olishi uchun zamin yaratadi.
318 ming 680 nafar fuqaroga berilgan nogironlik nafaqasi ularning hayot sifatini yaxshilash, ijtimoiy faollik va mustaqil hayot kechirish imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
73 ming 146 nafar fuqaroga parvarishlash nafaqasi taqdim etilgan bo‘lib, bu nafaqa ko‘pincha nogironligi bo‘lgan yoki keksa shaxslarni parvarish qilayotgan oilalar uchun muhim. Ushbu nafaqa oilalarga qo‘shimcha moliyaviy yordam berib, parvarish xizmatlarining sifatini yaxshilash imkonini yaratadi.
91 ming 780 nafar fuqaroga berilgan yoshga doir nafaqa odatda pensiya yoshiga yetgan shaxslarni qamrab oladi. Yoshga doir nafaqa aholining qarish davrida moliyaviy barqarorligini ta’minlaydi.
57 ming 177 nafar fuqaroga boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi berilgan. Ushbu nafaqa oila a’zolarining asosiy daromad manbaidan mahrum bo‘lishi natijasida yuzaga kelgan moliyaviy muammolarni yengillashtirishga qaratilgan. Boquvchisini yo‘qotganlar nafaqasi asosan vafot etgan boquvchisining qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz oila a’zolariga ijtimoiy himoya sifatida xizmat qiladi.
8 ming 323 nafar yolg‘iz keksalar va nogiron shaxslarga berilgan moddiy yordam ularning ijtimoiy hayotga moslashishlari va yetarlicha g‘amxo‘rlik ko‘rilishini ta’minlaydi.
5 ming 293 nafar fuqaroga uy-joy kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha kompensatsiya tayilangan. Uy-joy kommunal xizmatlar uchun kompensatsiya esa nafaqat iqtisodiy yordam, balki ijtimoiy adolatni ta’minlashga qaratilgan. Bu kompensatsiya ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni kommunal to‘lovlar bilan bog‘liq moliyaviy qiyinchiliklardan qutqaradi.
Mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimining mustahkamligi nafaqat iqtisodiy yordam, balki ijtimoiy barqarorlik va inson huquqlarining ta’minlanishini ham anglatadi.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA