Ijtimoiy muhofaza kasaba uyushma e’tiborida
Mamlakatimizda kasaba uyushmalari tomonidan fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini muhofaza qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Andijon viloyati kengashi tomonidan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirilishiga oid davlat dasturi” ijrosini ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
– Ayni kunda birlashma tizimidagi 2 ming 400 dan ziyod boshlang‘ich tashkilotlarga 350 ming nafardan ziyod kasaba uyushma a’zolari birlashgan, – deydi Andijon viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi bo‘lim boshlig‘i Hamidulla Matisayev. – Joriy yilning o‘tgan davrida yil dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, mehnatkashlar manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, mehnatni muhofaza qilish, xodimlar va ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirishga qaratilgan muayyan ishlar olib borildi.
Viloyatdagi mehnat jamoalari bilan hamkorlikda yil dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, viloyatdagi 1 ming 702 ta mehnat jamoasida “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi”ning mazmun-mohiyatini tushuntirish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Bundan tashqari, “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida aholi, ayniqsa, yoshlarning ma’naviy-mafkuraviy immunitetini yuksaltirish, yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik, millatlararo do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi ko‘plab uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etildi.
Kasaba uyushmalari tizimida turizmni rivojlantirishga qaratilgan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” dasturi doirasida jamoa shartnomalari va tarmoq kelishuvlari orqali 15 ming nafar fuqaro viloyatdagi diqqatga sazovor joylar, muzey va ziyoratgohlarga, shuningdek, respublikamizning tarixiy shaharlariga sayohatga yuborildi. Shundan ehtiyojmand, kam ta’minlangan oila farzandlari, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari bo‘lgan 217 nafari sayohatga bepul yuborildi.
Viloyat bo‘yicha 229 nafar xalq ta’limi xodimi kasaba uyushma tizimidagi sihatgohlarda bepul sog‘lomlashtirildi. Ehtiyojmand va kam ta’minlangan oilalarning 680 nafar farzandi uchun teatr, muzey va istirohat bog‘lariga bepul sayohatlar tashkil etildi. Bundan tashqari, 256 nafar fuqaroga pensiyaga chiqishdan oldin, 253 nafar fuqaroga yubiley sanasi munosabati bilan, 958 nafar ishlamaydigan pensionerga, 152 nafar nogiron va o‘zgalar ko‘magiga muhtoj kishiga moddiy yordam ko‘rsatildi, sovg‘a-salomlar berildi.
Turli korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan, yashash sharoiti og‘ir 192 nafar yosh bolali ayolga oylik maoshi saqlangan holda haftasiga 35 soatdan oshmaydigan ish vaqti belgilanishiga ko‘maklashildi.
Turli bayramlar munosabati bilan Izboskan tumanidagi “Ayollar muruvvat uyi”, Andijon shahridagi “Saxovat” keksalar uyi, Andijon tumanidagi nogironlar muruvvat uyida yashovchilar holidan xabar olinib, ularga gigiyenik vositalar, turli sovg‘a-salomlar topshirildi. Vatan himoyachilari, Xotira va qadrlash kunlari munosabati bilan harbiy qismlarda xizmat qilayotgan 44 nafar harbiy va ularning oila a’zolariga, shuningdek, turli harbiy harakatlarda vafot etgan 12 nafar harbiyning oila a’zolariga sovg‘a-salomlar berildi. Aholi o‘rtasida sport va sog‘lomlashtirish tadbirlari o‘tkazilishiga alohida e’tibor qaratildi. Butunjahon salomatlik kuni munosabati bilan tuman va shaharlarda o‘tkazilgan yurish marafonlarida 791 ta korxona va tashkilotda ishlayotgan 68 ming nafarga yaqin fuqaro ishtirok etdi. Musobaqa g‘oliblari munosib rag‘batlantirildi.
Birlashma tizimidagi korxona va tashkilotlarda ishlayotgan kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalarning 2 ming 248 nafar farzandiga o‘quv qurollari olib berildi. Oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan 47 nafar ehtiyojmand oila farzandi hamda chin yetimlarning o‘qishi uchun kontrakt pullari to‘lab berildi. Uy-joy qurish va turli vositalar xarid qilish uchun 31 ta yosh oilaga foizsiz kreditlar ajratilishiga ko‘maklashildi.
Bir so‘z bilan aytganda, Andijon viloyati Kasaba uyushmasi tashkilotlari birlashmasi tomonidan aholining ijtimoiy muhofazasiga
qaratilgan hamda yil dasturida belgilangan ishlar reja asosida olib borilmoqda.
F. UBAYDULLAEV, O‘zA