Ijtimoiy himoya Konstitutsiya bilan kafolatlangan
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi joriy yilning 25 iyunidan umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan va bugungi kunda jarayon davom etmoqda.
Ushbu konstitutsiyaviy qonun loyihasida Konstitutsiyaning ko‘plab moddalariga 200 dan ortiq tuzatishlar kiritishni nazarda tutmoqda. Respublikamiz mustaqillikka erishgan yillaridan, ayniqsa, Harakatlar strategiyasi va Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida “inson qadri” islohotlarning bosh mezoni bo‘lganligi sababli, kiritilishi kutilayotgan o‘zgartirishlar, qo‘shimchalar va yangi normalar ham “inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga asoslangan.
Ma’lumki, Konstitutsiyaning Siyosiy huquqlar bo‘yicha VIII-bobining 32-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar. Bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek, davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tartibi qonun bilan belgilanadi” deb ko‘rsatilgan.
Mazkur siyosiy jarayon ham aynan Konstitutsiyaning ushbu moddasiga tayangan holda fuqarolar o‘z taklif, fikr va mulohazalari bilan Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi muhokamasida ishtirok etmoqdalar. Bildirilgan takliflar maxsus komissiya tomonidan o‘rganilgan holda Konstitutsiya loyihasida o‘z aksini topmoqda. Hozirda Konstitutsiyaviy qonun loyihasini yanada takomillashtirish maqsadida uchrashuvlar, ommaviy axborot vositalari orqali bahs-munozaralar davom etmoqda.
Darhaqiqat, Konstitutsiyaviy qonun loyihasida avvalambor inson qadriga, “inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga, jamiyatning turli ijtimoiy qatlamlariga mansub bo‘lgan fuqarolarning shaxsiy, ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ekologik huquqlari hamda manfaatlarini ta’minlashga va himoya qilishga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan normalarga asoslangan.
Buni birgina Konstitutsiyaning 39-moddasida mavjud matn va loyihadagi takliflar bilan solishtirilganda ham ko‘rish mumkin.
Amaldagi Konstitutsiyaning 39-moddasida faqat qariyalar, nogironlar va boquvchisini yo‘qotgan shaxslarning ijtimoiy ta’minoti belgilangan bo‘lsa, umumxalq muhokamasiga taqdim etilgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasida esa “Har bir shaxs qariganda, mehnatga layoqatini yo‘qotganda, ishsizlikda, nogironlikda, shuningdek, boquvchisidan marhum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega.
Davlat ijtimoiy xizmatlar tizimini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratadi, davlat pensiyalarini, nafaqalarini va ijtimoiy yordamning boshqa turlarini belgilaydi.
Pensiyalarning, nafaqalarning, ijtimoiy yordam boshqa turlarining miqdori rasman belgilab qo‘yilgan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emas. Davlat ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand va kam ta’minlangan, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni qonunda belgilangan tartibda uy-joy bilan ta’minlaydi.
Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini amalga oshirish uchun zarur teng sharoitlar yaratadi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan har qanday ajratib qo‘yish, hisobga olmaslik, chetlatish, cheklash yoki ortiqcha yon bosish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ob’ektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishdan bo‘yin tovlash taqiqlanadi” deb belgilanmoqda. Bundan ko‘rinib turibdiki, ijtimoiy muhofazaga muhtoj bo‘lgan shaxslarning barcha toifasi Konstitutsiyaviy qonun loyihasida to‘liq qamrab olingan va ular ta’minotining minimal miqdorlari belgilangan. Ushbu toifa shaxslarning huquqlari Konstitutsiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kafolatlanmoqda.
Shu bilan birga ushbu moddaning ayrim qismlariga aniqlashtiruvchi normalar kiritilsa maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Birinchidan, qariya kim? Inson necha yoshida qariya hisoblanadi? Ikkinchidan, pensiyalarning, nafaqalarning, ijtimoiy yordam boshqa turlarining miqdori rasman belgilab qo‘yilgan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligi belgilanmoqda.
Ushbu masalalar bo‘yicha quyidagilar taklif etiladi.
Birinchi masala bo‘yicha biror-bir qonunchilikda qariya tushunchasiga ta’rif berilmagan, odatda yoshga doir pensiya oluvchi fuqarolarni qariya deb hisoblaydilar. Hattoki O‘zbekiston Respublikasi “Fuqarolarni davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunida ham qariya so‘zi o‘rniga yoshga doir so‘zlari qo‘llanilgan. Ushbu “qariya” so‘zini “mehnat layoqatidan katta yoshdagi shaxslar” so‘ziga almashtirish;
Ikkinchidan, ayrim chet el davlatlar qonunchiligida pensiya va nafaqalar miqdori belgilangan minimal iste’mol savatchasi yoki yashash minimumidan kam bo‘lmasligi belgilangan. Ammo ijtimoiy yordam boshqa turlarining kam miqdorlari belgilanmagan. Chunki moddiy yordam turlari xilma-xil bo‘lib, ularning kam miqdorlarini belgilashda ko‘plab qiyinchiliklar kelib chiqishi mumkin, shunga asosan ushbu jumlani chiqarib tashlash taklif etiladi.
Konstitutsiyaga kiritilayotgan barcha o‘zgarishlar, inson manfaatlari har narsadan ustun, barcha fuqarolar teng huquqli, jamiyatda qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratish, tadbirkorlikning rivojlanishi uchun shart-sharoitlarni ta’minlash, iqtisodiy faoliyatda monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligini kafolatlash, tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyat bilan shug‘ullanishga va tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olish kafolatlarini belgilamoqda.
Mahmudjon Ziyadullayev.
Yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
dotsent.
O‘zA