Mamlakatimizda oltmishga yaqin ijtimoiy dorixona foydalanishga topshiriladi
Vatanimiz mustaqilligining 25-yillik bayramini keng nishonlashga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotgan shu kunlarda Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida ijtimoiy dorixona ish boshladi.
Vatanimiz mustaqilligining 25-yillik bayramini keng nishonlashga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotgan shu kunlarda Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida ijtimoiy dorixona ish boshladi.
Prezidentimiz rahnamoligida aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini yanada yaxshilash, sifatli dori-darmon vositalari ishlab chiqarishni takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar bermoqda. Ayni paytda yurtimizdagi 150 ga yaqin farmatsevtika korxonasida 1 ming 500 nomdagi turli dori vositalari ishlab chiqarilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining "Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida"gi qonuni bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir.
Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, aholi va davolash-profilaktika muassasalarini keng turdagi sifatli dori-darmon bilan ta’minlashda "Dori-darmon" aksiyadorlik kompaniyasining alohida o‘rni bor. Mustaqilligimizning 25-yilligi bayrami oldidan kompaniya tomonidan joylarda 60 ga yaqin ijtimioiy dorixonalar ishga tushirilmoqda.
Uchko‘prik tumanida ish boshlagan shunday zamonaviy dorixonada arzon va sifatli dori-darmon vositalari sotuvi yo‘lga qo‘yildi. Bu yerda nazorat kassa mashinasi va to‘lov terminali o‘rnatilgani aholiga qo‘shimcha qulaylik yaratmoqda.
– Inson uchun salomatlikdan ulug‘ ne’mat yo‘q, – deydi Kenagas qishlog‘ida yashovchi Yorqinjon Odilov. – Prezidentimiz rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar tufayli zamonaviy qishloq vrachlik punkti tashkil etildi. Aholining birlamchi tibbiy xizmatdan foydalanish uchun sobiq tuzum davridagidek uzoq yo‘l bosishi, tuman yoki viloyat markaziga qatnashiga hojat qolmadi. Ijtimoiy dorixona xizmatining yo‘lga qo‘yilishi esa bu borada yana bir qulaylik bo‘ldi. Inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun Prezidentimizdan minnatdormiz.
2016-2017-yillarda Farg‘ona viloyatida 12 ijtimoiy dorixona va uning 9 shoxobchasini tashkil etish rejalashtirilgan.