Ijro intizomi – farovon turmush garovi
Urganch shahar hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 10 fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyati va joriy etilgan yangi tizimning alohida jihatlari haqida o‘quv seminari o‘tkazildi.
Vazirlar Mahkamasining Hududlarni kompleks rivojlantirish mas’ul hodimlari tomonidan o‘tkazilgan seminarda Xorazm viloyati hokimligi, barcha shahar va tuman hokimliklari, davlat boshqaruv organlari mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
O‘z navbatida, har bir davlat organining vazifa va funksiyalarini amalga oshirishda ijro intizomi muhim o‘rin egallaydi. Davlat organiga kelib tushayotgan har bir hujjatni ro‘yxatga olish va uning ijro muddatini belgilash qat’iy tartib asosida amalga oshiriladi. Hujjatlarning ijro etilishi ustidan nazoratni tashkil qilish tartibi ham mukammal ko‘rsatilgan bo‘lib, bu har bir hujjatning o‘z vaqtida ijro qilinishini ta’minlaydi.
– Tartib-intizom har joyda zarur, – deydi Adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikramov. – Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning tub negizida yotgan eng muhim va dolzarb masalalardan biri ijro intizomidir. Ezgu maqsadga ham, yuksak samaradorlikka ham tartib-intizom tufayligina erisha olamiz. O‘quv seminardan ko‘zlangan maqsad ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati hujjatlari va topshiriqlarining Xorazm viloyatidagi ijro holati, barcha darajadagi rahbarlarning mas’uliyatini yanada kuchaytirishdan iboratdir.
Barcha sohalar qatori, aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida hujjatlar bilan ishlashni tashkil etish va ijro intizomini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Ijro intizomini mustahkamlash maqsadida hukumatimiz tomonidan elektron hujjat aylanishi tizimi tashkil etilgan.
Seminar davomida Norma ijodkorligi, Hujjatlar loyihalarini ekspertiziyadan o‘tkazish, qonun hujjatlarini targ‘ib etishda yuridik xizmatlarning ustuvor vazifalari, jismoniy va yuridik shaxslarining murojaatlari bilan ishlash kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Tadbirda ishtirok etganlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Aholi murojaatlari bilan ishlash jarayonida vujudga kelayotgan muammo va ularning yechimi haqida takliflar bildirildi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri