Ijodiy auksionda bolalar asarlari sotildi
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan ijodiy auksion yosh iste’dodlarga bo‘lgan yuksak e’tibor va amaliy rag‘batning yorqin namunasi bo‘ldi. Viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda viloyatdagi 15 ta Bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchilarining rassomlik va amaliy san’at namunalari namoyish etildi.
Auksionda jami 76 nafar o‘quvchi tomonidan yaratilgan rasmlar, suvenirlar va amaliy san’at asarlari xaridorlarga taqdim etilib, ular 234 million 300 ming so‘mga sotildi. Bu ko‘rsatkich yosh ijodkorlarning mehnatiga berilgan yuksak baho bo‘lish bilan birga, ularning ijodiy salohiyatiga bo‘lgan ishonch tobora ortib borayotganini ham yaqqol namoyon etdi.
Auksion jarayonida bir qator tashkilotlar va mas’ullar faol ishtirok etishdi. Jumladan, “Bek klaster” MCHJ vakili Tohir Eshtayev 1 ta suratni 25 million so‘mga, “Sardoba Klaster” MCHJ vakili Qahramon Ergashev esa 7 ta suratni 50 million so‘mga xarid qildi. Shuningdek, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Faxriddin Qushoqov 5 million so‘mlik, viloyat hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Alisher Hidirov esa 8 million so‘mlik ijodiy asarlarni sotib oldi.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, mazkur tashabbusning asosiy maqsadi faqat asarlarni sotish emas, balki bolalarning iste’dodini qo‘llab-quvvatlash, ularni yangi ijodiy marralar sari ruhlantirishdan iborat. Chunki har bir asar ortida bolalarning mehnati, izlanishi va orzu-umidlari mujassam.
[gallery-29758]
Bugungi kunda yoshlar ijodini qo‘llab-quvvatlash, ularning qobiliyatini yuzaga chiqarish davlat siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, bu kabi auksionlar yosh ijodkorlarga o‘z imkoniyatlarini namoyon etish, mehnati e’tirof etilayotganini his qilish va kelajakka ishonch bilan qarash imkonini beradi.
Eng muhimi, viloyatda tashkil etilgan mazkur auksion yosh iste’dodlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor va ishonchning amaliy ifodasi sifatida namoyon bo‘ldi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA