Ijod unga – qismat, o‘zlik, o‘zni tanish yo‘li
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi tashabbusi bilan joriy yilda viloyatda faoliyat yuritayotgan ko‘plab ijodkorlarning o‘ndan ziyod asarlarini chop ettirish rejalashtirilgan.
Mana shu tashabbus doirasida taniqli shoira Momoxol Elmurodovaning “Muhabbatning sehrli nayi” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Qamashi tumani hokimligi majlislar zalida tashkil etilgan tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limlari tomonidan tashkil etilgan tadbirda adabiyotshunos hamda ijodkorlar, umumta’lim maktablarining ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilari, badiiy so‘z ixlosmandlari, OAV vakillari ishtirok etdi.

Momoxol Elmurodova “Qaldirg‘och” (1983), “Ayol muhabbati” (1985), “Yurakka sanchilgan ignalar” (1995), “Orzularning olis yo‘li” (1994), “Onamga yozilmagan maktublar” (2005), “Otlandim qalbingiz ziyoratiga” (2008), “Eng go‘zal imkon” (2010), “Kuz xayollari” (2015), “Mo‘’jizalar fasli” (2020) kabi kitoblari bilan o‘quvchilarga yaxshi tanish.
Shoiraning 1000 nusxada chop etilgan “Muhabbatning sehrli nayi” to‘plami ham she’riyat ixlosmandlari uchun munosib tuhfa bo‘lib, unda 1966 yildan 2021 yilgacha yozilgan va biror to‘plamda chop etilmagan sara ijod namunalari kiritilgan. Kitobda goh yuksak ijodiy parvozlar sari intilayotgan, goh turmush tashvishlari bilan andarmon, goh farzand tarbiyasida hayot mazmunini ko‘rgan, shuning barobarida adabiyot, san’at ixlosmandi bo‘lgan qalamkash kechinmalarini ko‘ramiz.

Momoxol Elmurodova turli “izm”larda bo‘lar-bo‘lmas misralar tizmaydi. Ko‘rgan-kechirganlarini, his qilgan tuyg‘ularini boricha qog‘ozga to‘kadi, sodda, samimiy yozadi – shu bilan yozganlari yurakka yuqadi. Tadbirda kitob yuzasidan fikr-mulohazalar tinglandi. Shoira she’rlari asosida ijro etilgan qo‘shiqlar davraga o‘zgacha fayz ulashdi. Ishtirokchilarga muallif dastxati tushirilgan kitoblar taqdim etildi.

Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi tashabbusi bilan joriy yilda kplab ijodkorlarning kitoblarini, bir tuman, shahar tarixi, buguni, urf-odat va tarixiy yodgorliklari aks etgan to‘plamlarni nashrga tayyorlash va nashr ettirish rejalashtirilgan.
O‘lmas Barotov, O‘zA.