Ijod, izlanish, mahorat bayramiga aylangan xalqaro festival
Mamlakatimiz rassom va dizaynerlari, qo‘ligul usta va hunarmandlari, haykaltaroshlarining mashaqqatli mehnati, yuksak mahorati sababli O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy majmuasi kabi muhtasham va muazzam maskanlar qad rostlamoqda. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan Xalqaro tasviriy va amaliy san’at festivali mahoratli ijodkorlarni yagona ma’rifiy platformaga to‘plagani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Bir hafta davom etgan mazkur ijodiy festival xalqaro maqomi bilan alohida ahamiyat kasb etdi. Unda turkiy davlatlar bilan birga Rossiya, Xitoy, Koreya, Fransiya, Ruminiya va boshqa ko‘plab xorijiy davlatlar ijodkorlarining asarlari muxlislar e’tiboriga havola etildi.
Xalqaro tasviriy va amaliy san’at festivali keyingi yillarda mamlakatimizda nafis san’at sohasida erishilgan yutuqlarni xalqaro miqyosda keng namoyish etish, mo‘yqalam sohiblarining o‘zaro fikr va tajriba almashishi uchun imkoniyat yaratishda alohida ahamiyat kasb etdi.
[gallery-28967]
Mazkur festival mamlakatimiz yoshlari ijodini keng jamoatchilik, xalqimiz e’tiboriga havola etgani bilan ham diqqatga sazovor bo‘ldi. U bir vaqtning o‘zida mamlakatimizning turli hududlarida ham yuksak saviyada o‘tkazildi.
Festival doirasida turli ko‘rgazmalar, mahorat darslari, anjumanlar, talabalar ijodiga oid liboslar namoyishi, ijodiy plenerlar bo‘lib o‘tdi. Umumiy hisobda ushbu festival yuzlab ijodiy tadbirlarni o‘zada mujassam etgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Tadbir qatnashchilari mamlakatimizda keyingi yillarda barpo etilgan ma’rifiy inshootlar bilan tanishdi. Yurtimizdagi o‘zgarishlar xorijlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Festival mo‘yqalam sohiblariga yangi ilhom va izlanish zavqini taqdim etgani aniq.
Tadbir yakunida ijodiy ishlari eng yaxshi deb topilgan mualliflar taqdirlandi.
N.Usmonova, F.Abdurasulov (surat), O‘zA muxbirlari