IIV: mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan tizim ishga tushadi
Prezidentimiz tomonidan mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, fuqarolarimizning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilib, bu borada tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova ma’lumot berdi:
– 2023 yil 30 martdan “mahalla yettiligi”ning o‘ziga xos hamkorligida ijtimoiy profilaktika tadbirlari yo‘lga qo‘yildi. Fuqarolarning ijtimoiy muammolarini mahallaning o‘zida hal etishga qaratilgan bu tizim qisqa muddatda ijobiy natija ko‘rsatdi.
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 30 noyabrdagi qarori bilan ijtimoiy profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirishda “mahalla yettiligi”ning har bir vakiliga aniq vazifa belgilanib, aholining ijtimoiy muammolarini hal etishga ko‘maklashuvchi sub’ektlar biriktirildi.
Natijada o‘tgan yil davomida profilaktika inspektorlari va mahalla vakillari tomonidan uyma-uy yurish orqali, huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan jami 800 mingdan ortiq shaxslar ro‘yxati shakllantirildi. Ularning 588 mingdan ortig‘iga xulosalar berilib, mahalla vakillari tomonidan 400 mingdan ortiq fuqaroning muammolari ijobiy hal etildi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Mazkur qaror bilan mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish mas’ul idora va tashkilotlarning ustuvor vazifasi etib belgilandi. Shuningdek, mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Har chorakda viloyat, tuman va mahalla darajasidagi “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilishi belgilab qo‘yildi.
Joriy yilda Farg‘ona, Andijon, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarining kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 419 mahallani o‘z ichiga qamrab oladigan 84 mahalla huquq-tartibot maskanlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi, keyinchalik ushbu tizim boshqa hududlarga ham tatbiq etiladi.
Mahalla huquq-tartibot maskanlarida ichki ishlar organlarining sohaviy xizmatlari, Milliy gvardiyaning psixolog-inspektorlari hamda tezkor harakatlanuvchi guruhlar hamkorligida xizmat olib boriladi. Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha tezkor harakatlanish tizimi joriy etiladi.
Maskanda profilaktika inspektorlari lavozimlari joriy etilib, bevosita rahbar etib profilaktika bosh inspektori belgilanadi. Shuningdek, mahalla huquq-tartibot maskaniga 5 tagacha mahalla biriktiriladi. Bosh inspektorga mahalla biriktirilmaydi. U mahallalarda jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha kunlik ishni samarali tashkil etish hamda maskan faoliyatiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan mas’ul bo‘ladi.
Bundan tashqari, migrasiyadan qaytib kelgan fuqarolar, maktab bitiruvchilari hamda talabalar bilan ijtimoiy profilaktika choralari doirasida mahallalarda manzilli ishlarni tizimli amalga oshirish maqsadida huquq-tartibot maskanida profilaktika kichik inspektorlari lavozimlari joriy etilmoqda.
Mazkur qarorga binoan aholi murojaatlari bilan samarali ishlash, har qanday huquqbuzarlik uchun jazo muqarrarligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini to‘liq himoya qilish maqsadida ma’muriy amaliyot guruhlari tashkil etiladi. Ularga ushbu yo‘nalishda kunlik tahlilni yuritish, sud va boshqa tegishli organlar bilan taqqoslov ishlarini amalga oshirish vazifasi yuklatiladi. Bu borada ular qarorlar qabul qiladi va ichki ishlar organlariga kelib tushgan murojaatlarni belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilishini ta’minlaydi.
Yo‘l-transport hodisalarining oldini olish borasida asosiy e’tibor yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, piyodalar va haydovchilar madaniyatini oshirishga qaratiladi.
Probatsiya nazoratidagi shaxslar bilan ishlashda ham asosiy e’tibor ularni ijtimoiy moslashtirish, ya’ni bandligini ta’minlash, kichik biznesga, xususiy tadbirkorlik va hunarmandchilikka jalb etish choralari ko‘riladi.
Ushbu tizim xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashga, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA