IIB binosi foydalanishga topshirildi
Qashqadaryo viloyatidagi sanoat shaharchasi Muborakda tuman ichki ishlar bo‘limi binosi kapital ta’mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi.
Bino ochilish marosimida viloyat hokimi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbari, viloyat va tuman hududidagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, faxriylar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.


Tadbirni viloyat hokimi Murotjon Azimov ochib, mamlakatimizda Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ichki ishlar organlarini xalqchil va professional tuzilmaga aylantirish, aholiga yaqinlashish hamda ular bilan hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida tizim fuqarolarning ishonchli himoyachisi sifatida shakllanib borayotganini ta’kidladi.
Yangi binoda sohaviy xizmat xodimlari uchun barcha qulayliklarga ega shinam xizmat xonalari, navbatchilik qismi, oshxona, kitobxona, Vatanparvarlik burchagi, “Ma’naviyat va ma’rifat xonalari” hamda saf maydoni yaratilgan.


Xizmat faoliyatida erishilgan ijobiy natijalar uchun bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Shuningdek, xodimlarning siyosiy, ma’rifiy va jangovar tayyorgarligini oshirish, xizmat samaradorligini yanada kuchaytirish maqsadida zamonaviy vorkaut maydonchasi, mini-futbol va voleybol maydonlari bilan jihozlangan qishki sport saroyi ham foydalanishga topshirildi.


Bundan tashqari, tuman IIBning migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish, probatsiya hamda boshqa bo‘limlari xodimlari ham to‘sqinliksiz kirib-chiqishga mo‘ljallangan, barcha qulayliklarga ega xizmat xonalarida faoliyat boshladi.
Bugungi kunda qariyb yuz ming nafarga yaqin fuqarolarning osoyishtaligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan xodimlar yangi binoda xizmat olib bormoqda. Yaratilgan sharoitlar jamoatchilik tuzilmalari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash, tumanda jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda ularni qisqa fursatlarda fosh etishga xizmat qiladi.


O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri