“iFly” O‘zbekistonga parvozni to‘xtatdi
Rossiyaning iFly aviakompaniyasi «O‘zaviatsiya» agentligiga rasman murojaat qildi.
Yuborilgan xabar orqali 2022 yil 5 martdan mamlakatimizga rejalashtirilgan barcha reyslar noma’lum muddatga bekor qilingani ayon bo‘ldi. Bu haqda “Sputnik” axborot agentligi ma’lum qildi.
Yo‘lovchilarga chipta pulini qaytarib olish uchun parvoz rasmiylashtirilgan aviakassaga murojaat qilish tavsiya etilgan.
Ma’lumki, Rosaviatsiya havo kemalarini ushlab qolish yoki hibsga olish xavfi paydo bo‘lgani munosabati bilan xorijiy reyestrlarda qayd etilgan samolyotlari bor barcha mahalliy aviakompaniyalarga mamlakat hududidan chiquvchi parvozlarni 6 martdan, chet eldan kirib keluvchi reyslarni 8 mart kunidan bekor qilishni tavsiya etgan.
Hozirgacha «Aeroflot», “S7”, “Smartavia”, «Pobeda», “Nordwind”, “Pegas” “Fly” va “Azur Air” kabi rus havo orqali tashuvchilar xorijiy reyslarni to‘xtatgan.
Binobarin, Rossiyaning “Red Wings” aviakompaniyasi Rossiyada ishlab chiqarilgan “SSJ100” samolyotlarida ayrim xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha, masalan, Armaniston va O‘zbekistonga qatnovni davom ettiryapti.
Koronavirus pandemiyasi munosabati bilan 2020 yil martda uzilib qolgan Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi muntazam havo qatnovi 2021 yil 1 aprelda tiklangan. Milliy aviatashuvchimiz “Uzbekistan Airways” va Rossiya aviakompaniyalariga tegishli parvozlardan tashqari, ikki davlat o‘rtasida charter reyslar ham amalga oshirib kelinayotgan edi.
Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, koronavirus pandemiyasidan oldin bir kunda “Uzbekistan Airways” RF shaharlariga 87 reys qo‘ygan, Rossiya aviakompaniyalarining esa 97 samolyoti mamlakatimiz turli hududlariga kirib kelgan. 2021 oxirida, ya’ni lokdaundan keyin O‘zbekiston va Rossiya shaharlari orasidagi parvozlar soni haftasiga 22 tani tashkil etgandi.