Ichki ishlar organlarida raqamlashtirish qanday yo‘lga qo‘yilgan?
Ichki ishlar organlari tizimida raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada poytaxtimizda samarali yondashuvlar tatbiq qilinayotir.
IIV Akademiyasida bo‘lib o‘tgan taqdimot jarayonida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Ravshan Sultonxo‘jayev mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.
Sohaviy xizmatlar, tuman ichki ishlar organlari rahbarlari, fakultet va kafedralar boshliqlari, magistratura tinglovchilari ishtirok etgan tadbirda raqamlashtirishda erishilayotgan natijalar hamda kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlar tahlil qilindi.

Ta’kidlab o‘tilganidek, raqamli yechimlar davlat organlari faoliyatining muhim mezoniga aylanib bormoqda.
Raqamli qo‘riqlash platformasining yangi tashkil etilgan modullari turli ob’ektlarni va xonadonlarni qo‘riqlovga olishda keng qulaylik yaratdi.
Aholi ko‘p to‘planadigan joylarda qo‘riqlash xizmati turlarini targ‘ib etish maqsadida tashkil etilgan “Security Office” xizmat ko‘rsatish ofisi orqali xizmat ko‘rsatish ko‘lami kengaytirilmoqda.
Innovatsion tizimlarning yo‘lga qo‘yilayotgani boshqaruv samaradorligini oshirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlaydi. Ehtimoliy korrupsiya holatlariga barham beradi.
Ayniqsa, aholi murojaatlari bilan ishlash, jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, kriminogen vaziyatni prognoz qilish, tezkor qidiruv va tergov tadbirlari sifatini oshirishda raqamli platformalar imkoniyatlari kengayib bormoqda.
Tadbirda raqamlashtirish istiqbollari aniq raqamlar va statistik ma’lumotlar orqali tushuntirib o‘tildi.
Xavfsiz muhitni shakllantirish maqsadida hududlarga joriy qilinayotgan tajribalar, «Raqamli O‘zbekiston - 2030» strategiyasi doirasida belgilab olingan vazifalar, mazkur yo‘nalishda yechimini kutayotgan masalalar muhokama qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA