Ichki ishlar organlari xodimlari o‘zaro bellashdi (+video)
Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish maqsadida “Eng yaxshi kitobxon” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Unda boshqarmaning tarkibiy va hududiy bo‘limlaridan jami 14 nafar xodim ishtirok etdi.
Tadbir avvalida ta’kidlanganidek, kitob inson tafakkurini boyitib, ma’naviy dunyosini yuksaltiruvchi, halollik va komillik sari yetaklovchi bebaho xazina. U bilan yaqin bo‘lgan inson ana shu xazinaning egasidir.

Ishtirokchilar “Eng yaxshi kitobxon”, “Bilim va tafakkur” bellashuvlarida ishtirokchilar belgilangan badiiy asarlar bo‘yicha berilgan savollarga javob qaytarib, test sinovi topshirdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, uchinchi o‘rinni Konimex tumani Ichki ishlar bo‘limi Tashkiliy bo‘linmasi katta inspektori, mayor Furqat Eshmurodov, ikkinchi o‘rinni esa Karmana tumani Ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektori, kapitan Azimjon Shodiyev egallagan bo‘lsa, 1-o‘ringa Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Tashkiliy boshqarmasi Yuridik ta’minlash guruhi katta yuriskonsulti, kapitan Bunyod To‘ymurodovga loyiq ko‘rildi.

– Mazkur ko‘rik-tanlovda vazirlik tomonidan tavsiya qilingan adabiyotlar bo‘yicha xodimlar o‘zaro kuch sinashdi, – deydi tanlov g‘olibi Bunyod To‘ymurodov. – Mazkur ko‘rik-tanlovda faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim. Kelgusida vazirlik bosqichidagi ko‘rik-tanlov musobaqasida faxrli o‘rinni qo‘lga kiritishga harakat qilaman. Bu kabi ko‘rik-tanlovlar kitobxon xodimlar safini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tanlov so‘ngida g‘olib va sovrindorlar, shuningdek, faol ishtirokchilar munosib taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri