Ichki ishlar organlari faoliyati takomillashtilishi kerak
Oliy Majlis Senatining yaqinda boʻlib oʻtgan oltinchi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish vaprofilaktikasi holati toʻgʻrisidagi axboroti eshitildi.
Oliy Majlis Senatining yaqinda boʻlib oʻtgan oltinchi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish vaprofilaktikasi holati toʻgʻrisidagi axboroti eshitildi.
Bu sohada amalga oshirilgan ishlar qatorida yoʻl qoʻyilgan kamchilik va xatolarni tahlil qilish imkonini berdi.
Sohada amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida 2020-yil 6 oyi mobaynida sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 95,2 foizi (20 ming 497) fosh etilgan. Shuningdek, tergov organlari qidiruvida boʻlgan mingdan ziyod shaxs ushlangan va 261 nafar bedarak yoʻqolgan shaxs topilgan.
Ichki ishlar organlari tashabbusi bilan 4 ming 158 jinoyat aniqlangan. Respublikadagi jami 9 ming 145 mahallaning 66,3 foizida jinoyat sodir etilishining oldi olingan.
Biroq, oʻrganishlar huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasida, shu jumladan, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik ishlari samarali tashkil qilinmagani maʼlum boʻldi. Oqibatda ichki ishlar organlari faoliyatida muayyan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar va toʻliq foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligi ayon boʻldi.
Xususan, joriy yilning 6 oyida respublika miqyosida 21 ming 535 jinoyat qayd etilgan. Bu har 100 ming aholiga nisbatan oʻrtacha 63,3 jinoyat toʻgʻri kelganini koʻrsatadi.
Aholining ijtimoiy-maishiy muammolarini aniqlash va hal etish ishlari yetarli darajada tashkil etilmaganligi sababli oldi olinishi mumkin boʻlgan 7 mingdan ziyod jinoyat, yaʼni 203 qotillik, 371 ogʻir tan jarohati yetkazish, 80 bosqinchilik sodir etilishiga yoʻl qoʻyilgan.
Oilalardagi notinchlik, nizolarning oʻz vaqtida hal etilmasligi mahalla faollari va keng jamoatchilikning eʼtiboridan chetda qolganligi oqibatida oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etilmoqda. Jumladan, 2020-yil 6 oyi davomida qayd etilgan qotillik jinoyatlarning har uchinchisi, ogʻir tan jarohati yetkazish jinoyatning 20,5 foizi oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilgan.
Oilaviy nizolarga oʻz vaqtida barham berilmaganligi natijasida oila-turmush munosabatlari doirasida 5 ming 940 huquqbuzarlik sodir etilgan.
Mamlakatimiz boʻyicha 10 ming 192 oilada huquqbuzarlik keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan turli oila-turmush munosabatlari doirasidagi muammolar mavjud. Shundan 4 ming 840 tasi notinch oila hisoblanadi.
Oila-turmush doirasida tazyiqqa uchragan xotin-qizlarning 2 ming 776 nafariga “himoya orderi” berilgan.
Achinarlisi, oila-turmush doirasida qayd etilgan 71 qotillikning 48 foizi er-xotin oʻrtasida kelib chiqqan nizo sababli roʻy bergan.
Holbuki, mazkur jinoyatlarning oldini olish choralarini koʻrish mavjud edi. Ammo joylardagi mutasaddi rahbarlar hamkorlikda olib borishi zarur boʻlgan chora-tadbirlarni yetarli darajada bajarmagan.
Ogʻir turmush sharoitida yashayotgan xotin-qizlarning muammolari toʻliq hal etilmasdan kelinayotgani oqibatida jinoyatlarning 9,4 foizi xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan. Bu koʻrsatkich Toshkent shahri, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida yuqoriligicha qolgan.
Jinoyatlarni oʻz vaqtida fosh etish borasidagi tadbirlar samarali tashkil etilmaganligi oqibatida joriy yilning 6 oyida sodir etilgan jinoyatlarning 5 foizi fosh etilmagan.
Yoshlar bilan ishlashda hanuz koʻplab muammolar mavjud. Ularni bartaraf etishga yetarli darajada eʼtibor qaratilmaganligi oqibatida har toʻrtinchi jinoyat yoshlar tomonidan sodir etilgan. Shundan 6 foizi ish bilan band boʻlmagan yoshlar tomonidan sodir etilgan.
Bundan tashqari, 3 mingdan ortiq jinoyat ishsizlar tomonidan sodir etilganligi joylarda aholini ish bilan taʼminlash masalalari samarali hal etilmayotganini koʻrsatadi. Ayniqsa, Toshkent shahar, Andijon, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida ushbu koʻrsatkich salmogʻi yuqori.
Respublika boʻyicha umumiy yoʻl-transport hodisalari soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan kamaygan boʻlsa-da, yoʻllarda harakatlanish uchun xavfsiz sharoit yaratilmaganligi oqibatida 730 nafar shaxs vafot etgan, 2 ming 297 nafari esa turli darajada tan jarohati olgan.
Shu bilan birga, deyarli har ikkinchi yoʻl-transport hodisasi belgilangan harakatlanish tezligini oshirish oqibatida sodir etilganligi joylarda foto-video qayd etish moslamalaridan foydalanish ishlari samarali tashkil qilinmaganini koʻrsatmoqda.
Bundan tashqari, senatorlar tomonidan bevosita joylarga chiqib oʻtkazilgan oʻrganishlarda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida profilaktika inspektorining har oylik hisobotini eshitish nomiga oʻtkazilib, ayrim hollarda esa, umuman oʻtkazilmasdan qolganligi aniqlandi.
Aksariyat holatlarda xalq deputatlari mahalliy kengashlarida ham tegishli tuman va shahar ichki ishlar boʻlimlari hisobotlarini eshitish jarayonida mazkur tuzilmalar rahbar xodimlarining ishtiroki toʻliq taʼminlanmagan.
Biroq, ichki ishlar organlarida kadrlar bilan ishlash borasida amalga oshirilgan ijobiy ishlarga qaramasdan xodimlarining 3 mingdan ortigʻi xizmat intizomini buzish holatiga yoʻl qoʻygan boʻlsa, 52 nafar xodim jinoyatga qoʻl urgan.
Masalan, joriy yilda Qashqadaryo va Andijon viloyatlarida xodimlar tomonidan sodir etilgan qonunbuzilish holatlari aholi orasida keng muhokamalarga sabab boʻldi. Bu ichki ishlar organlariga nisbatan salbiy fikr shakllanishiga olib keldi.
Yuqorida bayon etilganlarni inobatga olib, Senatning oltinchi yalpi majlisida bu masala boʻyicha tegishli qaror qabul qilindi.
Qarorda Ichki ishlar vazirligiga respublika miqyosida fosh etilmagan jinoyatlarni fosh etish boʻyicha tezkor-qidiruv ishlarini jadallashtirish, ularni qisqa muddatda fosh etishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi koʻrsatildi. Shuningdek, vazirlik fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga nisbatan, ayniqsa oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilayotgan har bir jinoyatning sabablarini oʻrganib, oldini olish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilash topshirildi.
Oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida notinch va farzand tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi oilalar, spirtli ichimliklar isteʼmol qilishga ruju qoʻygan shaxslar bilan olib borilayotgan profilaktik-ogohlantiruv ishlarini alohida nazoratga olinishi belgilandi.
Vazirlikka masʼul idora va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda xotin-qizlar, voyaga yetmaganlar, yoshlar, ayniqsa uyushmagan yoshlar oʻrtasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarni muntazam tahlil qilish asosida bunday holatlarning kelib chiqish sabablari va omillarini aniqlash hamda bartaraf etish choralarini koʻrish topshirildi.
Senat qaroriga koʻra, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi va Ichki ishlar vazirligi oʻzaro nizoli shaxslar oʻrtasidagi kelishmovchilik sabablarini qonuniy yoʻl bilan hal qilish maqsadida muammoli shaxslarning elektron bazasini shakllantirish topshirildi.
Hududlarda “Jamoatchilik nazorati maskanlari” va “Fidokor yoshlar” tuzilmalari aʼzolari va profilaktika inspektori yordamchilarining xizmat faoliyatini hamkorlikda tizimli tashkil etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish topshirildi.
Senat qarorida Milliy gvardiya, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi va boshqa mutasaddi tuzilmalarga aniq topshiriqlar berish bilan birga ijrosi qatʼiy nazoratga olinishi belgilab qoʻyildi.
Qutbiddin Burhonov,
Oliy Majlis Senati
Mudofaa va xavfsizlik masalalari
qoʻmitasi raisi.