Ichki bozorda isitish va sovitish xarajatlarini kamaytiruvchi mahalliy mahsulotlar ulushi ortmoqda
Prezident tashrifidan so‘ng...
Yozning jazirama, qishning esa qahraton bo‘lishi mamlakatimiz iqlimiga xos. Mavsumlarda uyni sovitish yoki isitish uchun har oy anchagina mablag‘ ketadi. Lekin xonadonda maqbul haroratni uzoqroq ushlab turish alohida masala.
Bu muammo ko‘pincha eski usulda qurilgan, zamonaviy issiqlik izolyatsiyasiga ega bo‘lmagan uylarda kuzatiladi. Bugun qurilayotgan aksariyat uylarda yangicha yondashuv qo‘llanilmoqda. Ya’ni bunyodkorlik loyihalarida mahalliy xomashyodan tayyorlangan yengil gazoblok va bazaltdan tayyorlangan issiqlik saqlovchi plitalardan foydalanilmoqda. Natija esa kutilganidan ham yuqori bo‘layotgani quvonarli. Muhimi, qurilish xarajatlari ham, kelgusi isitish chiqimlari ham keskin kamaymoqda.
Bu kabi misollar birgina ko‘p qavatli uyning kichik bir maishiy muammosiga o‘xshab tuyulishi mumkin. Aslida-chi?
Mas’ullarning ta’kidlashicha, bugungi kunda qurilish sohasiga oddiygina g‘isht yotqizish, devor ko‘tarish deb qarab bo‘lmaydi. Zamonaviy arxitektura va qurilish sanoati, eng avvalo, energiya samaradorligi, mahsulotning tannarxi va mustahkamligiga tayanadi. Rivojlangan mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, xomashyoni tayyor mahsulotga aylantirish zanjiri to‘liq mahalliylashtirilgan hududlardagina qurilish tannarxini sezilarli arzonlashtirish va sifatni nazorat qilish imkoni tug‘iladi.

Qoraqalpog‘iston hududi ana shunday o‘ziga xos boy tabiiy resurslari va xomashyo zaxiralari bilan qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘nalishida alohida ajralib turadi. Bu yerda uzoq yillar davomida ishga solinmay yotgan katta imkoniyatlar mavjud edi. Ushbu salohiyatdan unumli foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni olib kirish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish hududda sanoatni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Davlatimiz rahbari sentabr oyida Qoraqalpog‘istonga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida Nukus shahrida joylashgan “Nukus Insulation Group” va “Coals KS” kabi yirik korxonalar faoliyati bilan tanishgani bejiz emas. Bugun ushbu ikki gigant loyiha misolida mintaqadagi qurilish sanoatining yutuqlari va ertangi istiqbolli rejalari yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Dunyo tajribasida bino va inshootlarni to‘g‘ri izolyatsiya qilish kelajakdagi energiya sarfini ellik foizgacha kamaytirish imkonini beradi. Shunga mos ravishda, Qoraqalpog‘istonning boy tosh-kon resurslari, xususan, bazalt xomashyosi asosida zamonaviy issiqlik izolyatsiyasi materiallarini ishlab chiqarish sohada yangi sahifa ochdi.
Nukus shahridagi “Nukus Insulation Group” korxonasi aynan shu maqsadda tashkil etilgan. Ushbu loyiha davlatimiz rahbarining 2024-yil 9-fevraldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi.

– Umumiy qiymati 50 million dollarni tashkil etuvchi ushbu sanoat majmuasiga Yevropada ishlab chiqarilgan eng ilg‘or, zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan, – deydi korxona rahbari Minajatdin Uzakbayev. – Prezidentimiz tashrif davomida ushbu ishlab chiqarish jarayonini, xomashyoni qayta ishlash bosqichlari va tayyor mahsulot xususiyatlarini bevosita ko‘zdan kechirdi. Ushbu yuqori aniqlikdagi uskunalar mahalliy bazalt toshidan xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan, raqobatbardosh issiqlik izolyatsiyasi materiallari tayyorlash imkonini bermoqda. Korxonamiz yiliga 50 ming tonna issiqlik izolyatsiyasi materiallari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Eng muhimi, bu yerda 150 ta yangi doimiy ish o‘rni yaratilib, hududdagi yoshlar va mutaxassislar ish bilan ta’minlandi.
Shu o‘rinda bazalt asosida tayyorlangan izolyatsiya materiallari nimasi bilan ahamiyatli ekanligi haqida savol tug‘ilishi tabiiy. Avvalo, ular yuqori darajadagi o‘tga chidamliligi bilan ajralib turadi. Shuningdek, issiqlikni a’lo darajada saqlaydi va namlikka bardoshli. Bundan tashqari, juda uzoq yillar davomida o‘z xususiyatini yo‘qotmay xizmat qiladi.
Bunday materiallarning turar joy va sanoat ob’ektlarida qo‘llanilishi binolarning energiya samaradorligini keskin oshiradi. Qishda isitish, yozda esa sovitish xarajatlarini sezilarli darajada kamaytiradi.
Qurilishda og‘ir, an’anaviy pishiq g‘ishtlardan foydalanishni kamaytirib, yengil va issiqlikni yaxshi saqlaydigan materiallarga o‘tish butun dunyoda ommalashgan tajribadir. “Coals KS” korxonasi esa aynan ana shu talabga javob beradigan zamonaviy gazoblok va ohak ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.
Bu yirik loyihaning umumiy qiymati 16,3 million dollarni tashkil etadi. Korxona faoliyati manzil jihatidan juda aniq va qulay rejalashtirilgan. Gazoblok ishlab chiqarish quvvatlari uchun “Nukus” erkin iqtisodiy zonasida 4,8 gektar maydon ajratilgan bo‘lsa, mahsulot uchun zarur bo‘lgan ohak tayyorlash quvvatlari Qorao‘zak tumanidagi 4,8 gektar maydonda joylashtirilgan.

Korxonaning ishlab chiqarish quvvati havas qilarli darajada. Yiliga 300 ming kub metr gazoblok va 165 ming tonna ohak tayyorlash imkoniyati mavjud. Bu ichki bozorni sifatli va zamonaviy qurilish materiallari bilan ta’minlash bilan birga tashqi bozorga chiqish eshiklarini ham ochadi. Hozirgi kunda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni qo‘shni Qozog‘iston va Turkmaniston davlatlariga eksport qilish bo‘yicha aniq rejalar tuzilgan.
Loyihaning eng muhim va e’tiborga molik tomonlaridan biri xomashyo ta’minotidir. Ishlab chiqarish jarayonida foydalanilayotgan xomashyoning aynan 96 foizi mahalliy manbalardan olinmoqda. Xo‘sh, bu nima beradi? Kvars qumi, sement va gips kabi asosiy komponentlar mamlakatimizning o‘zidagi korxonalar tomonidan yetkazib berilmoqda. Natijada valyuta tejaladi, tannarx keskin pasayadi va xomashyo ta’minotida barqarorlikka erishiladi.
Agar gazobloklarning texnik xususiyatlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, ular oddiy pishiq g‘ishtga nisbatan 3–4 barobar yengil hisoblanadi. Bu bino poydevoriga tushadigan og‘irlikni kamaytiradi va qurilish xarajatlarini sezilarli darajada qisqartiradi. Bundan tashqari, gazoblok issiqlikni a’lo darajada saqlaydi va yuqori tovush izolyatsiyasi xususiyatiga ega. Jozibador tomoni shundaki, bunday qurilish aholi va tadbirkorlar uchun tez, aniq va tejamkor yechim taqdim etadi.

– Bugungi kunda bu loyiha doirasida men kabi 200 nafar mahalliy aholi muqim ish o‘rni bilan ta’minlangan, – deydi korxona bosh texnologi Azizbek O‘rozboyev. – Biz foydalanayotgan texnologiyalar eng zamonaviylari. Bu mahsulotlarimiz sifatini oshiradi va ishimizni yengillatadi. Oyliklarimiz va ish sharoitimiz bizni qoniqtiradi. Bu yerdagilarning ko‘pchiligi boshqa davlatlardagi qurilish loyihalarida ishlab kelgan. O‘sha chet elda topayotganimizdan ortiq daromadga egamiz. Eng muhimi, oilamiz bilan birgamiz.
Mutasaddilar va investorlar faqat shu loyiha bilan cheklanib qolishgani yo‘q. Korxona tomonidan hozirgacha umumiy qiymati 200 million dollar bo‘lgan 5 ta yirik loyiha muvaffaqiyatli ishga tushirilgan. Hozirgi vaqtda esa yana 40 million dollarlik 4 ta yangi loyiha bo‘yicha qurilish ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda.
Davlatimiz rahbari ushbu korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlari va mahsulotlar turi bilan ham yaqindan tanishib, istiqboldagi rejalarni atroflicha muhokama qilgan edi. Maqolamiz avvalida tilga olingan hayotiy ehtiyojlar esa mana shunday yirik zavodlarni ishga tushirish talabini qo‘ymoqda. Natijada mahalliy xomashyoga asoslangan yirik loyihalarning hayotimizga kirib kelishi, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilayotgani quvonarli.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri