Ibrohim Abdurahmonov: "Hech bir sohani, xususan, qishloq xo‘jaligini ham energetikasiz tasavvur etib bo‘lmaydi"
Vazir fikri
Bugungi energetika islohotlari – shunchaki infratuzilmani yangilash emas, balki kelajak avlodlar uchun barqaror iqtisodiyot va "yashil" taraqqiyot poydevorini yaratishdir.
Zamonaviy dunyoda elektr energiyasisiz biror-bir soha yoki tarmoq rivojini tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu bois, joriy yilning 16-oktabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi islohotlarni jadallashtirish hamda sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida yirik sarmoyadorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida energiyaning o‘rni, unga bo‘lgan talab va sohalar rivojida xalqaro hamkorlik ahamiyati xususida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov o‘z fikrlarini aytdi.
– Energetika tizimini, barcha sohalar qatori, qishloq xo‘jaligining ham qon tomiri, deb atash mumkin, – dedi Ibrohim Abdurahmonov. – Agrar tarmoq uchun yoqilg‘i-moylash mahsulotlari qanchalik muhim bo‘lsa, elektr energiyasi ham shunchalik zarur. Oxirgi yillarda Muhtaram Prezidentimiz tomonidan sohani rivojlantirishda muqobil energiya manbalariga alohida urg‘u berilmoqda. Jumladan, bugungi kunda 9,5 mingta fermer xo‘jaligida 10,4 mingga yaqin sug‘orish nasoslari mavjud bo‘lib, ularning 9 mingdan ziyodida (salkam 100 foizida) o‘zini o‘zi elektr bilan ta’minlaydigan quyosh panellari o‘rnatildi. Ayniqsa, markazlashgan tarmoq yetib bormagan chekka hududlarda quyosh panellarining samaradorligi juda yuqori bo‘lmoqda.
Qolaversa, zararli gazlar tashlamalarini kamaytirish maqsadida tizimdagi issiqxona xo‘jaliklariga iqtisodiy jihatdan samarali va ekologik toza “yashil” texnologiyalarni joriy etmoqdamiz. Ushbu majmualarni quyosh panellari va issiqlik bug‘ tizimlari orqali isitishda ham elektr energiyasining o‘rni juda muhim.
Prezidentimiz doim ta’kidlaganlaridek, “investitsiya – iqtisodiyotning qon tomiridir”. Demak, agrar tarmoqqa xorijiy sarmoyalarni faol jalb etish, ayniqsa, shamol va quyosh energiyasi manbalaridan samarali foydalanuvchi investorlarni qo‘llab-quvvatlash ustuvor ahamiyatga ega. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi uchun mutlaqo yangi innovatsiya bo‘lgan geotermal energiya manbalarini o‘zlashtirish ham katta mablag‘ va yuqori texnologiyalarni talab etadi. Shu bois, energetika sohasidagi investorlar bilan o‘tkazilgan ilk ochiq muloqot bu boradagi strategik va muhim qadam bo‘ldi.
Videosi quyida:
Abdulaziz RUSTAMOV,
Yoqubjon MELIBOEV (video), O‘zA